Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Katta Langar Qur’oni” va “Usmon Mus’hafi”: Toshkentda Islom olamiga oid yangi muzey tashkil etilmoqda
15:36 / 2022-02-07

Tez orada Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ishga tushadi. Bu haqda bugun Milliy matbuot markazida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahrining “Hazrati Imom” majmuasi (Hastimom) yonida qad rostlayotgan markaz 9 gektar maydonni egallamoqda. Uning tarkibida yurtimizdagi islom olamiga oid qimmatli manbalarni jamlagan muzey tashkil etilishi kutilyapti.  

Xususan, mashhur “Katta Langar Qur’oni” va dunyo sivilizatsiyasi tarixidagi eng nodir manba hisoblangan “Usmon Mus’hafi” ham muzeydan o‘rin oladi. Markaz qachon rasman o‘z faoliyatini boshlaydi, degan savolga markaz rahbari Shoazim Minovarov hozirda qurilish ishlari davom etayotganini va 2022 yilning to‘rtinchi choragida qurilish ishlari yakunlanishini qayd etdi. 

Ma’lum qilinishicha, qurilish davomida 20 ta turli darajadagi tashriflar amalga oshirilib, xorijiy delegatsiyalar, shuningdek, YUNESKO, AYSESKO, IRSIKA kabi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bevosita qurilish maydonida uchrashuvlar o‘tkazilgan. Binoning loyihasi, ichki va tashqi dizayni, muzey ekspozitsiyalari mazmuni bo‘yicha ulardan takliflar olingan. 

Shuningdek, anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan xalqaro aloqalar borasida so‘ngi yillarda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, markaz umumiy hisobda 25 ta tashkilot bilan hamkorlik Memorandumlarini imzolagan. 

Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha doimiy qo‘mitasi – COMSTECH va Markaz o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida dunyo kutubxonalari fondlarida saqlanayotgan islomga oid hamda musulmon mamlakatlari olimlari tomonidan yaratilgan manbalar, qo‘lyozma, toshbosma va zamonaviy nashrlarning yagona elektron bazasini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 

Maftuna KARIMOVA,  O‘zA