Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Katta hayot ostonasida
21:47 / 2023-07-04

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida 2022/2023 o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan bakalavriat va magistrlarga diplomlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ishtirok etgan institut rektori va boshqalar bitiruvchilarni tabrikladi. Tugallangan o‘quv yilida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritar ekan, bunda professor-o‘qituvchilar mehnati va talabalarning faolligi muhim o‘rin egallagani alohida e’tirof etildi. 

Darhaqiqat, 2022/2023 o‘quv yili institut jamoasi hayotida o‘ziga xos iz qoldirdi. Institut talabalari turli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Masalan, 8 nafar talaba davlat nomdor stipendiyalari sohibi va yana 2 nafar talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika innovatsion g‘oyalar tanlovida yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.  

– Bu yil institutni kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1847 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 747 nafar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 228 nafar bitiruvchi yakunladi, – deydi institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrat Ismoilov. – Eng e’tiborlisi, Belorus milliy texnika universiteti bilan olib borgan hamkorligimiz doirasida bu yil ilk bitiruvchilarimiz – 45 nafar talabamiz ushbu xorijiy universitetni tamomladi. Kuni kecha ularga universitet diplomi topshirildi.  

Joriy o‘quv yilida institut taqsimot komissiyasi tomonidan 1349 nafar bitiruvchi iqtisodiyotning turli sohalari va tarmoqlariga taqsimlandi. 547 nafar talaba esa hali oliygohni tugatmasidan o‘z ish o‘rniga ega bo‘ldi. 

– Bugun bakalavrlik diplomini qo‘lga oladigan bo‘lsam, bir necha kundan keyin “Uzbekistan GTL” korxonasida rasman ish boshlayman, – deydi neft va gaz fakulteti bitiruvchisi Odil Shoberdiyev. – Bu men hali institutni tamomlamasdan turib ishli bo‘lganimni anglatadi. Albatta, bunga erishish oson bo‘lmadi. Korxona tomonidan bosqichma-bosqich o‘tkazilgan sinovlarda qatnashib, amaliyot tanlovida muvaffaqiyat qozondim. Meni shu darajaga erishishimda mehnati singgan barcha ustozlarimga minnatdorlik bildiraman.  

Ma’lumot o‘rnida joriy yilda ko‘rsatkichlari bo‘yicha Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti respublikadagi oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida 36-o‘rindan 28-pog‘onaga ko‘tarildi. Institut akademik litseyi esa kuchli o‘ntalikdan o‘rin egalladi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.