English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Katta g‘alabalar sari parvoz
15:35 / 2017-05-26

Jizzaxda “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Mazkur musobaqaning final bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan sportchilar qatnashmoqda.

Jizzaxda “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari qizg‘in davom etmoqda. Mazkur musobaqaning final bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o‘z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan sportchilar qatnashmoqda. Bellashuvlarda qayd etilayotgan natijalar, ko‘rsatkichlar, rekordlar yoshlarimizning sportdagi salohiyati yildan-yilga o‘sib borayotganidan dalolatdir.

O‘zA muxbirlari musobaqa g‘oliblari, ishtirokchilari va murabbiylardan ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Ahmadjon Ergashev, og‘ir atletika bo‘yicha “Barkamol avlod – 2017” o‘yinlari g‘olibi (Toshkent viloyati):

– Musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rdik, viloyatimiz jamoasiga oltin medal keltirganimdan baxtiyorman. Bu fidoyi murabbiylarimiz mehnatining samarasidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Davlatimiz rahbarining "Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va ishonaman, Xudo xohlasa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham bo‘ladi. Ana shunday yorug‘ kelajakni avvalambor sizdek azmu shijoatli, jo‘shqin orzu-intilishlar bilan hayotga kirib kelayotgan, hech kimdan kam bo‘lmaydigan navqiron avlodimiz, butun O‘zbekiston yoshlari barpo etadi", degan so‘zlari bizni yanada ulkan marralar sari ruhlantirmoqda. Biz bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lishga intilamiz.

Sindor To‘rayev, yengil atletika bo‘yicha Samarqand viloyati terma jamoasi murabbiyi:

– Yengil atletika bahslarida yosh sportchilarimiz 1 oltin, 2 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqa davomida medallarimiz salmog‘i yanada ko‘payishiga ishonamiz.

“Barkamol avlod – 2017” musobaqalarida qatnashayotgan yoshlarimiz “Umid nihollari”da katta sport hadisini olgan, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bu musobaqalar yuzlab, minglab navqiron o‘g‘il-qizlar qatori mening shogirdlarim uchun ham chinakam chiniqish va mahorat maktabi, parvoz maydonchasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Iroda Abdurahmonova, dzyudo bo‘yicha Osiyo chempioni (Jizzax viloyati):

– “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida menga mash’ala yoqishdek baxt nasib etganidan boshim ko‘kka yetdi. Minglab tomoshabinlar qarshisida hayajonlangan bo‘lsam-da, ko‘nglimdan yuksak faxr tuyg‘ulari o‘tdi.

“Barkamol avlod” sport musobaqalari birinchi marta bundan 17-yil avval Jizzax viloyatida o‘tkazilganda maktab o‘quvchisi edim. O‘tgan vaqt mobaynida ko‘plab chet davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘ldim. Bu yutuqlar zamirida, shubhasiz, mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, mazkur uch bosqichli noyob sport tizimining hayotiy samaralari mujassamdir. Bu musobaqalar O‘zbekiston yoshlarining do‘stlik va birdamligi ramziga, nafosat va go‘zallik bayramiga aylangan.

Abdumurod ota Sultonov, sport faxriysi, yengil atletika bo‘yicha faxriylar o‘rtasida ko‘p karra O‘zbekiston chempioni (Jizzax viloyati):

– Yoshim saksondan oshdi. Yetmish yildan ziyod sport bilan shug‘ullanib kelgan odam sifatida istiqlol yillarida erishilgan yutuqlarimizdan qalbim iftixorga to‘ladi. Davlatimiz bolalar sportini rivojlantirishga ko‘rsatayotgan doimiy g‘amxo‘rligi, uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tizimining yaratilishi mamlakatimiz sportining mustahkam poydevorini yaratdi. Buni oilam, bolalarim, nabiralarim, hamqishloqlarim hayotida ham ko‘raman.

Ushbu musobaqalarning dastlabkilarida nabiralarim maydonga chiqqan bo‘lsa, bugun chevaralarimga ishqibozlik qilyapman. Muhtasham sport inshootlaridagi shart-sharoitlar, musobaqalarni o‘tkazishdagi yuksak tashkilotchilik, yoshlarimizning jismoniy, ruhiy kamoli – bular barchasi menga quvonch, kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Yana bir necha yillarga yosharib ketgandayman.

Jalol Ashurov, Zarbdor tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiyi:


– Mening sport mutaxassisi bo‘lib yetishishimda “Barkamol avlod”ning alohida o‘rni bor: Jizzaxda o‘tgan birinchi musobaqada milliy kurash bo‘yicha g‘olib bo‘lganman. Sportdagi dastlabki muvaffaqiyatim hayot yo‘limni to‘g‘ri tanlashimga, sport sohasi mutaxassisi bo‘lishimga asosiy sabab bo‘ldi.

Taqdirim sport bilan bog‘langanidan mamnunman. Hozir shogirdlarimga sport nafaqat jismoniy chiniqish, ayni paytda ma’naviy kamolot, insonning mustaqil, irodali bo‘lib yuksalishi ekanligini singdirishga harakat qilyapman.

Azizbek Azizov, shaxmat bo‘yicha milliy toifadagi hakam (Surxondaryo viloyati):

– Mamlakatimiz yoshlari o‘rtasidagi uch bosqichli sport musobaqalari boshlanganidan buyon shaxmat bo‘yicha bahslarga hakamlik qilaman. Yoshlarimizning intellektual salohiyati o‘sishi, viloyatlarda sport rivojlanishi, aholida unga bo‘lgan munosabatdagi o‘zgarishlar – bularning bariga guvoh bo‘lib kelyapman.

Yildan-yilga, musobaqadan-musobaqaga yuksalish kuzatilmoqda. Bu jihatlar Jizzaxdagi musobaqalarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Sport inshootlarining zamonaviyligi, yaratilgan shart-sharoitlar, tashkilotchilik xalqaro talablar darajasida, desam yanglishmaymiz. Mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan uch bosqichli tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari ulg‘ayib kelayotgan navqiron avlod ongiga sog‘lom turmush tarzini bolalikdan boshlab chuqur singdirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.