Rossiya – Ukraina
Janubiy Koreya Ukrainaga halokatli qurol yetkazib berish siyosatini o‘zgartirmagan. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vazirligi rasmiy vakili Chon Xa Gyu ma’lum qildi.
“Yonhap” agentligi xabarida Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol, avval e’lon qilmasdan, 15 iyul kuni Kiyevda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazgani aytilgan.
Britaniya, Polsha, Ukraina va Fransiya tashqi ishlar vazirlari BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha bugun, 17 iyul kuni o‘tkaziladigan yig‘ilishida qatnashadi. Muloqot ishtirokchilari ertaga Bosh assambleyaning Ukrainaga bag‘ishlangan majlisida nutq so‘zlaydi.
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp 2024 yil saylovda g‘olib chiqsa, Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik shartnomasi qabul qilinishiga harakat qiladi. “Fox News” telekanaliga intervyusida u alohida-alohida muzokara olib borib, ikki davlat rahbarini shartnoma imzolashga undayman, degan.
Prezidentning milliy masalalar bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan “NBC” telekanali muxbiriga Qo‘shma Shtatlarning amerikalik harbiylar Ukraina ziddiyatida ishtirok etmasligi bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini bildirdi.
– Biz Ukrainani qo‘llashda davom etamiz, askarlarimizni rossiyalik harbiylar bilan urushga yubormaymiz, – dedi u. – Ukrainaga yetkazib berilgan kassetali o‘q-dori AQSH ma’naviy obro‘siga zarar yetkazmaydi. Na AQSH, na Ukraina kassetali o‘q-dori taqiqi to‘g‘risida bitim imzolamagan. Bizning ma’naviy e’tiborimiz ushbu konvensiya bilan bog‘liq emas.
“Sky News” telekanali sharhlovchisi Shon Bell fikricha, G‘arb mamlakatlari Ukraina ziddiyatidan charchagan, buni Vilnyus sammiti ham ko‘rsatdi.
“NATO sammiti mojaroga yondashuv bo‘yicha “G‘arb va Ukraina o‘rtasidagi tub farq”ni ko‘rsatdi. Kiyev g‘arbiy hamkorlaridan ziddiyatga nisbatan “jiddiy qarashlarni” kutadi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov aytdi.
Mahalliy “NV” radiosiga intervyusi davomida Zelenskiy NATOni tanqid qilib chiqqanini Ukraina murakkab vaziyatda qolayotgani bilan izohlayman, dedi u.
“Ukraina kassetali o‘q-dori qo‘llagan taqdirda Rossiya ayni shu yo‘l bilan javob qaytaradi, dedi Prezident Vladimir Putin “VGTRK” telekanaliga intervyusida.
– Rossiyada kassetali o‘q-dorining turfa xili bor, zaxira ham yetarli, – dedi u. – Shu paytgacha biz bundan foydalanmadik, zarurat ham bo‘lmadi. Agar ushbu o‘qlar bizga qarshi qo‘llansa, biz ham shunday javob berish huquqiga ega bo‘lamiz.
“The Washington Post” nashri ma’lum qilishicha, Ukrainaning qarshi hujumi ancha sust bormoqda, Rossiya hududlari minalashtirib tashlangan, ukrainalik harbiylarga esa minadan tozalaydigan maxsus texnika yetishmayapti. Ukraina Qurolli kuchlari yetarli darajada havo hujumidan mudofaa tizimiga ega emas, shuning uchun muhim ob’ektlarni qamrab olish maqsadida pozitsion hududlar bo‘ylab taqsimlanmagan, balki shaharlarda to‘plangan. Bu haqda respublika Qurolli kuchlari Harbiy-havo qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignat bayonot berdi.
Abror XON, O‘zA