Rossiya - Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning kelajakda Ukrainani Alyansga qo‘shishga oid taklifini ma’qulladi.
“CNN” telekanali ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning bu haqdagi norozilik chiqishiga munosabat o‘laroq, shunday dedi.
Oq uy Ukraina Qurolli kuchlari kassetali o‘q-dorisiz qarshi hujumni amalga oshira olmaydi, deb hisoblaydi. Bu haqda Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bayonot bergan. Uning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilar tomonidan Kiyevga yetkazib berilayotgan o‘q-dori zaxirasi kamayib borayotgani uchun kassetali snaryad jo‘natishga qaror qilingan.
“Aksariyat NATO davlatlari AQSHning Ukrainaga kassetali o‘q-dori yuborish taklifiga qarshi chiqmoqda, ammo bu turfa fikrlar Alyans parchalanishiga olib kelmaydi”, deya ta’kidladi Sallivan.
NATO bosh Kotibi Yens Stoltenberg bu borada AQSH taklifni qo‘llab, G‘arb davlatlarida snaryad ishlab chiqarish sur’ati ancha pasayib ketgan, “Ukraina esa o‘q-doriga o‘ta muhtoj”, degan.
Qo‘shma Shtatlar sobiq Prezidenti Donald Tramp esa bunday o‘q-dori yetkazib berilishiga qarshi chiqqan.
“Bayden bizni tobora uchinchi jahon urushi tomon yetaklash maqsadidan voz kechishi va aksincha Ukrainadagi ziddiyatni to‘xtatishga harakat qilishi kerak”, degan u.
Ukraina NATOning barcha talablariga javob beradigan darajaga yetganidan keyin Alyansga qo‘shilishi mumkin, deya bayonot berdi Belgiya Bosh vaziri Aleksander De Kroo.
“Ukrainaga NATO a’zosi bo‘lishi uchun “Harakatlar rejasi” shart emas, mamlakat shunday ham Shimoliy Atlantika alyansiga ancha yaqinlashdi”, dedi Stoltenberg.
Buyuk Britaniya Ukrainaga jangovar mashina, “Challenger-2” tanki uchun mingta snaryaddan iborat yangi harbiy paket hozirlamoqda. Bu haqda Birlashgan Qirollik Bosh vaziri Rishi Sunak ma’lum qildi.
Fransiya mudofaa vaziri Sebasten Lekornyu “LCI” telekanali muxbiriga aytishicha, Kiyevga mahalliy “SCALP" raketasi jo‘natilishi Ukraina mojarosini keskinlashtirmaydi.
“Gap Ukraina mudofaasi haqida ketmoqda”, dedi u.
Italiya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
“Suhbatdoshim menga Ukrainadagi yadro xavfi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Men ham Zaporoje AES xavfsizligini ta’minlashga har qancha ko‘mak berishga tayyorligimizni bildirdim”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Odessa aholisiga Aleksandr Nevskiy, Vasnetsov, Glinka, Dostoyevskiy singari 49 ta ko‘cha nomini o‘zgartirish taklifi berildi. Shahar hokimiyati sayti orqali fuqarolarga yo‘llangan murojaatda ko‘cha, tor ko‘cha, maydon, istirohat bog‘i – jami 70 ob’ekt nomini almashtirish masalasida qo‘llab-quvvatlash so‘ralgan.
So‘nggi oylarda Odessada rus qo‘mondoni Aleksandr Suvorov va shahar asoschisi Yekaterina II, Maksim Gorkiyning ikki monumenti va sobiq ittifoq, Rossiya va Belarusga aloqador qator haykallar, xotira inshootlari olib tashlangan.
Abror XON,
O‘zA