Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kassatsiya sudi qarori bilan tadbirkorga solingan 102 million so‘m jarima 3,4 million so‘mga tushirildi
15:54 / 2024-08-20

Sudlarda yuqori instansiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani quyi sudlar tomonidan chiqarilgan ayrim qarorlardagi xatoliklarni bartaraf etishga imkon bermoqda.

Aynan shunday bir holat haqida Toshkent shahar sudi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Zokirjon Qo‘ziboyev quyidagilarni so‘zlab berdi:  

– Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qaroriga ko‘ra, Kadastr agentligi tuman bo‘limi boshlig‘ining qarori bilan tadbirkor B.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi 3-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida, ya’ni 102 million so‘m jarima jazosi tayinlangan.  

Tabiiyki, bunday katta jarimadan tadbirkor norozi bo‘lgan. U kassatsiya tartibidan sudga murojaat qilib, huquqini himoya qilishni so‘radi.  

Mazkur ish Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida sudya O.Muhammadiyev tomonidan ko‘rib chiqildi.  

Ish hujjatlariga ko‘ra, B.A. tomonidan 38 kv.m. yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, u yerda noqonuniy qurilma barpo etgan.  

Kassatsiya shikoyatida tadbirkor birinchi instansiya sudi va kadastr xizmati vakillari ish holatiga aniqlik kiritmaganini, holatni tekshirishmaganini va asossiz qaror qabul qilingani haqidagi vajlarni keltirib, tayinlangan jarima jazosini bekor qilishni so‘ragan.  

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan B.A.ning mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybini tasdiqlovchi hujjatlar ish hujjatlarida mavjud bo‘lib, huquqbuzarlik harakatlari MJtK 60-moddasi 3-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan. Biroq kassatsiya sudi tuman sudining javobgarlik va jazoni yengillashtiruvchi holatlarni to‘liq o‘rganib chiqmagan, deb topdi.  

B.A. muqaddam ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilmagani, tadbirkorligi, hozirda ushbu noqonuniy qurilma tadbirkor tomonidan buzilib, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, bu haqda dalolatnoma tuzilgani, aslida ushbu mulk unga hokim buyrug‘i va kadastr hujjatlari asosida tegishli bo‘lib, o‘z hududiga tutash hududni obod qilish maqsadida egallagani, ushbu hududdan g‘araz yoki foyda olish maqsadida egallamagani aniqlandi.  

Mazkur yengillashtiruvchi holatlardan kelib chiqib, kassatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilib, Kadastr agentligi tuman bo‘limining qarorini o‘zgartirdi.  

B.A.ga ushbu modda bilan MJtK 33-moddasini qo‘llab, eng kam jarima jazosidan ham kamroq miqdorda – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 3,4 million so‘m jarima jazosi tayinlandi.  

N.Abduraimova, O‘zA