Kashtachilik va zardo‘zlik o‘zbek amaliy-bezak san’ati turlari orasida o‘zining qadimiy an’analariga ega bo‘lgan va asosan ayollar shug‘ullanib kelayotgan san’at turi hisoblanadi. O‘zbek kashtalarining noyobligi va bezak naqshlarining xilma-xilligi esa ushbu san’atning boy an’analaridan dalolat beradi.
Yurtimizda ham milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirayotgan soha vakillari ko‘plab topiladi. Ana shunday tikuvchi ayollarimizdan biri Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi "Kaptarli" mahallasida yashovchi Ra’no Eshquvvatovadir.
Ayni paytda u gilamdo‘zlik bilan birga kashtachilik, zardo‘zlik, quroqchilik va ko‘rpa-yostiq tikish sirlarini mahallasidagi vaqtincha ishsiz bo‘lgan yigirmaga yaqin xotin-qizlarga o‘rgatib kelmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vqzm-MA3KAY" title="Kashtachilik ustasi: “Maqsadimiz hunarlarimizda an’anani saqlab qolish”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>“Bizning asosiy maqsadimiz hunarlarimizda an’anani saqlab qolish”, -deydi u. –Bilasizmi, har bir kashtaning bezak mavzusi va shaklu-shamoyili u yoki bu buyumning vazifasiga qarab belgilanadi. Tikuvchilikning to‘n, do‘ppi, peshonaband, belbog‘, qiyiqcha, nimcha kabi o‘zbek an’anaviy liboslari, shuningdek, chimildik, taxmonpo‘sh, zinpo‘sh, dayri, yo‘lpo‘sh va turli xaltacha kabi buyumlari bugungi hayotimizning ajralmas qismiga aylanmoqda.
Yaqinda Nishon tuman hokimligining mutasaddi rahbarlari "Kaptarli" mahallasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu ustoz-shogird an’anasi bilan tanishib, u yerdagi tikuvchilik sirlarini o‘rganayotgan ayollar bilan uchrashdi.
O‘zaro suhbat jarayonida mas’ullar xotin-qizlarning savollariga javob qaytararkan, kelgusida ularning o‘zi ham mustaqil ravishda o‘z tadbirkorliklarini boshlashlari uchun amaliy yordam berishlarini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘.Alimov tayyorladi.
O‘zA