Kashmirda bangladeshlik uch sayyoh qayiq-uyda jon berdi
Hindistonning Kashmir viloyatida shanba kuni Dal ko‘lining xushmanzara qirg‘og‘ida joylashgan qayiq-uyning bir qismi yonib ketishi oqibatida uch nafar bangladeshlik sayyoh halok bo‘ldi, deb yozgan “Arab yangiliklari” – “Arab news” nashri.
Politsiya ma’lum qilishicha, erta tong bir qayiq-uyda chiqqan yong‘in tezda yaqin atrofda bog‘langan boshqa qayiqlarga o‘tgan.
– Hodisa oqibatida besh qayiqdan birida yotgan Bangladeshning uch fuqarosi kuyishdan nobud bo‘ldi, yetti kishi yaralandi, – dedi politsiya rasmiysi. Dastlabki surishtiruv natijasida yong‘inga elektr simi nosozligi sabab bo‘lgani aniqlangan.
Jarohat olganlar shifoxonaga yetkazilgan.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, Jammu va Kashmir viloyati 2022 yil 16,2 million sayyohni qabul qilgan. Bu Britaniya mustamlakachiligi tugatilganidan keyingi rekord ko‘rsatkich. Mazkur hudud qorli Himolay tog‘i, tez oqadigan daryolari, o‘tlog‘i va yog‘och uylari bilan mashhur.