Jizzaxda yoshlar uchun zamonaviy mehnat bozoriga kirish eshigini ochadigan nodir tashabbus yo‘lga qo‘yilmoqda. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab viloyatidagi ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari bazasida “Kasblar shaharchalari” tashkil etiladi. Bu yerda har bir o‘quvchi nafaqat o‘rganadi, balki o‘z qobiliyati va qiziqishlarini bevosita amaliy muhitda sinab ko‘ra oladi.
“Kasblar shaharchalari” maktab o‘quvchilarini qurilish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va “yashil” energetika kabi istiqbolli sohalarga qiziqtirish maqsadida yaratiladi. Bu esa Jizzax iqtisodiyotida ustuvor bo‘lgan agrosanoat, qayta ishlash, logistika va energiya tejamkor texnologiyalar uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida maktab o‘quvchilari ustaxonalar va laboratoriyalarda turli kasblarni bevosita o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi. Yoshlar zamonaviy uskunalardan foydalanib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazadi va bu jarayon ularning mehnatga qiziqishini oshiradi, kelajakda kasb tanlashda ongli qaror qabul qilishga turtki beradi.
Shuningdek, o‘quvchilarning muayyan kasbga moyilligini aniqlash maqsadida testlar, psixologik tahlillar va interaktiv usullar joriy qilinadi. Bu orqali har bir o‘quvchining qobiliyatiga mos yo‘nalishni belgilash osonlashtiriladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “Kasblar shaharchalari” hududda yoshlar bandligini ta’minlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega.
Bu tashabbus orqali Jizzax yoshlari o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish va hudud iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lishadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri