Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasbiy ta’limdan – oliy ta’limga
15:47 / 2025-07-09

Mamlakatimizda ta’limning barcha bo‘g‘ini, xususan, kasbiy ta’lim yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, mehnat bozorida raqobatdosh mutaxassislar tayyorlashda zamonaviy yondashuv yo‘lga qo‘yildi. Buning samarasi sifatida yurtimizda davr talabi va ehtiyoji asosida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari tayyorlash borasida quvonarli yutuqlarga erishilmoqda.

Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida ham kasbiy ta’lim tashkilotlarida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimlari o‘tkazilmoqda. Unda shahar-tuman hokimliklari mas’ullari, ish beruvchi korxona-tashkilotlar rahbarlari, ustozlar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Dang‘ara tumanidagi 3-sonli politexnikumda bo‘lib o‘tgan tadbirda bitiruvchilarga katta hayot ostonasida oq yo‘l tilashdi, yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan kadrlar bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirishdi.

– Bu yil bitiruvchilarimizning 90 foizi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ya’ni kirish suhbatlaridan o‘tib, oliygohda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ikkinchi bosqichdan o‘qishni davom ettirishlari mumkin, – deydi mazkur politexnikum direktori Eminjon Arslonov. – Shuni ham ta’kidlash kerakki, barcha bitiruvchilarimiz diplomdan tashqari, axborot-kompyuter texnologiyalari va veb-sayt yaratish mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shimcha sertifikatlarga ega bo‘ldi. 

Ha, yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Ular ilm-ma’rifat barcha muammolarning yechimi bo‘lishini yurakdan his qilmoqda, o‘qib-o‘rganishdan charchamayapti.

– Ilgari kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilarni majburlab olib kelinardi, o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlashga e’tibor ham birmuncha susaygandi. Bugun esa holat butunlay o‘zgacha: yoshlarimiz bir yo‘la ham shahodatnoma, ham diplomli bo‘lish afzalligini tushunib yetdi. Ta’lim sifati ham, o‘quv va amaliyot jihozlari ham butunlay yangilandi, zamonaviy va ilg‘or texnologiyalar tatbiq qilinmoqda, – deydi faxriy o‘qituvchi Ra’noxon Habibullayeva. – Rosti, bugungi yoshlarni ko‘rib havasim keladi. O‘qituvchilar, ta’lim ustalariga ham. 

– Ushbu politexnikumni maktabgacha ta’lim tashkiloti uslubchisi yo‘nalishini bitirdim. Bugun juda xursandman. Chunki Qo‘qon davlat universitetida oliy ta’limning ikkinchi bosqichidan o‘qishim mumkin. Barcha ustozlarimga minnatdorchilik bildiraman, – deydi Shohsanam Umarova.

Shu kuni “Oq yo‘l sizga, bitiruvchilar!” nomli diplom topshirish marosimi bayramga aylanib ketdi. Yuksak natija ko‘rsatgan o‘quvchilar taqdirlandi, ularning ota-onalariga tashakkur aytildi.

Ma’lumot uchun, 2024-2025 o‘quv yilida Farg‘ona viloyatidagi 63 ta kasbiy ta’lim tashkilotlarida 19 ming 248 nafar bitiruvchilar bo‘lib, ularning 1107 nafari xorijiy hamda milliy sertifikatlar olishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, 6077 nafar bitiruvchi yigit-qiz o‘qishni keyingi bosqichda davom ettirish maqsadida oliy ta’limga hujjat topshirdi. Shu bilan birga, 46 nafar bilimdon yoshlar muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Nazariy bilimlar amaliyotda o‘zaro uyg‘unlashtirib olib borilayotgani tufayli 1984 nafar bitiruvchilar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ilm-fan yutuqlari, innovatsiya g‘oyalarini qunt bilan o‘rgangan 850 dan ortiq faol yosh tadbirkorlik faoliyatini boshladi. 

M.Sulaymonov, O‘zA