Jizzax viloyatida kasbiy ta’lim muassasalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalari amaliy muhokama markazida bo‘ldi. Shu maqsadda Mirzacho‘l tumanida kasbiy ta’lim tashkilotlarida byudjetdan tashqari tushumlar holati va 2026 yilga mo‘ljallangan rejalarga bag‘ishlangan viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat kasbiy ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi texnikum rahbarlari va moliyaviy mutaxassislar ishtirok etishdi. Seminar davomida ta’lim muassasalarining qo‘shimcha daromad manbalarini kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda moliyaviy intizomni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jizzax viloyati kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Sarvar Nazarqosimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasida kasbiy ta’lim tizimi oldiga qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalib, ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda muassasalarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, 2025 yilda byudjetdan tashqari tushumlarning amaldagi holati va kelgusi yil rejalari yuzasidan tahliliy ma’lumotlar taqdim etildi. Daromad manbalarini diversifikatsiya qilish, hisob-kitoblarda shaffoflikni ta’minlash masalalari ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Seminar doirasida Mirzacho‘l tumandagi 2-sonli texnikumning tajribasi taqdim qilinib, byudjetdan tashqari tushumlar bo‘yicha amaliy natijalar va aniq rejalar ishtirokchilarga namuna sifatida ko‘rsatildi.
Yakunda kasbiy ta’lim muassasalarida moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish, qo‘shimcha daromad manbalarini oshirish va 2026 yil rejalarini samarali amalga oshirish bo‘yicha aniq xulosalar belgilab olindi.
Абдужалол Qayumov, O‘zA muxbiri