Bugungi globallashuv va ilm-fan taraqqiyoti sharoitida xorijiy tillarni puxta o‘rganish yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu ma’noda, nemis tilini chuqur o‘rganish va uni ta’lim tizimiga samarali joriy etish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Gyote instituti direktori Anna Bernsmayer hamda institutning Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha til bo‘limi rahbari Tanya Olbrix bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitishni takomillashtirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’lim muassasalarini zamonaviy darslik va texnik vositalar bilan ta’minlash, shuningdek, turizm va mehmonxona xo‘jaligi texnikumlari bilan hamkorlikda Germaniyada amalga oshirilgan tajribalar muhokama qilindi.

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov mamlakatimizda nemis tiliga bo‘lgan qiziqish yil sayin ortib borayotganini ta’kidlab, Gyote instituti bilan hamkorlikda yangi o‘quv dasturlari va malaka oshirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish hamda O‘zbekistonda nemis tilini o‘qitish va kasbiy ta’lim yo‘nalishida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA