O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘lkamizning kasbiy ta’lim tizimida islohotlar va modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash, TexVET-II loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Ushbu tashabbus texnikum talabalariga nazariy bilimlarni korxonalardagi ish bilan uyg‘unlashtirishga imkon beruvchi model-dual ta’limni kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Loyiha ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, shuningdek, xotin-qizlarning kasb egallashi va daromadini oshirish uchun imkoniyatlarni kengaytirishni nazarda tutadi.
Reja doirasida xalqaro ekspertlar o‘quv modullarini modernizatsiyalashga jalb etiladi, biznes vakillari esa talabalarni o‘qitishda bevosita ishtirok etadi.
Bundan tashqari, texnikumlar yangilangan moddiy-texnik bazaga ham ega bo‘ladi. TexVET-II tashabbusi yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, mehnat bozorining raqobatbardoshligini oshirish va zamonaviy hamda talab yuqori bo‘lgan kasblarga ega bo‘lishni ta’minlaydi.
A.Alimova tayyorladi, O‘zA