Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasbiy ta’lim – kelajak poydevori: O‘zbekistonda yangi tizim qanday ishlamoqda?
21:51 / 2026-02-23

Mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish va mehnat bozoriga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yoshlarda amaliy ko‘nikmalar va zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish, kasbga yo‘naltirish samaradorligini oshirish hamda inson kapitali salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan.

Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyati yoshlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Shu bilan birga, tizimda shaffoflik, sifat va natijani ta’minlash orqali kasbiy ta’limning jamiyatdagi nufuzini oshirish ham asosiy maqsadlardan biridir.  

Hozirda Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan sohani modernizatsiya qilish, dual ta’limni keng joriy etish hamda mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda yetakchi xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlar bilan hamkorlik muhim o‘rin tutmoqda.

Misol uchun, Shveysariyaning Helvetes Swiss Intercooperation tashkiloti bilan hamkorlikda 2021–2025-yillarda amalga oshirilgan VYeT4UZ loyihasining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Umumiy qiymati 12,5 million Shveysariya franki bo‘lgan loyiha doirasida dual ta’limda xususiy sektor ishtiroki kuchaytirildi, 2000 nafar pedagogning malakasi oshirildi. 750 nafar o‘quvchi pilot loyihalarga jalb etildi. Shuningdek, 3 ta kasbiy standart takomillashtirilib, 4 ta malaka oshirish dasturi yangilandi. 500 nafardan ortiq pedagog Yevropa, jumladan Shveysariya tajribasi asosida tayyorlandi.

Germaniyaning GIZ tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan TexVET-II loyihasi doirasida kasbiy ta’lim tizimida davlat va xususiy sektor hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar olib borildi.  

Loyihaning 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichida to‘qimachilik sektori qamrab olinib, dual ta’lim va milliy malaka tizimidagi muammolar bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi. Loyihaning ikkinchi bosqichi (2026–2028)da yana 5 ta yangi sektorni qamrab olish rejalashtirilgan.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan DARYA loyihasi doirasida kasbiy ta’lim muassasalarida xalqaro sifat standartlarini joriy etish bo‘yicha seminarlar tashkil etildi.  

Tadbirlar davomida Yevropa ta’lim standartlariga asoslangan baholash tizimi taqdim etilib, unda 23 ta asosiy mezon va 577 ta indikator orqali texnikumlar faoliyatini baholash mexanizmlari belgilandi.

Shuningdek, Kasbiy ta’lim agentligi va Milliy gvardiya o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, muddatli harbiy xizmatchilarni kasb-hunarga o‘qitish, xorijiy tillarni o‘rgatish, sertifikatlash va ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, Germaniya taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilayotgan TVET I loyihasi doirasida texnikumlarda o‘quv modullarini dual ta’lim tamoyillari asosida yangilash ishlari boshlandi. Ushbu jarayonda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini bevosita korxonalarda shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ushbu loyihalar kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ta’lim sifati va bitiruvchilarning bandligini oshirish hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga xizmat qiladigan malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan muhim qadamlar hisoblanadi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA