Zamonaviy bank tizimida muvaffaqiyatga erishishning muhim omili malakali va doimiy ravishda o‘z bilimini oshirib boradigan xodimlardir. Tez o‘zgaruvchan muhitga ega bank sohasida yangi texnologiyalar, raqobatning kuchayishi va mijozlar talabining o‘sishi har bir xodimdan doimiy rivojlanishni talab etadi. Shu bois, bank xodimlarining muntazam o‘qib-o‘rganishi sohaning barqarorligi va samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan yangilangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan “O‘zgaruvchan dunyoda karera o‘sishi: kelajak ko‘nikmalari, jamoani boshqarish va turg‘unlik sabablari” mavzuida o‘tkazilgan o‘quv- seminar ham xodimlar malakasini oshirishga qaratildi.
Bank o‘quv markazida tashkil etilgan tadbirda bosh boshqarma xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-24771]
Seminarda xodimlarning o‘z kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish, yetakchilik rolini shakllantirish, jamoa bilan ishlash sirlarini o‘rgatish, transformatsiyaga tayyorgarlikni kuchaytirish va karera ishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida “Bank sohasi kelajagi”, “Jamoa va sohaning kelgusi avlodlarini boshqarish” mavzularida trening-mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Unda raqamli savodxonlik, moslashuvchanlik, jamoani boshqarish, karerada yuzaga keladigan turg‘unlik holatlarining asosiy sabablari, ya’ni o‘zgarishlarga qarshilik, bilimlarni yangilamaslik, motivatsiyaning pasayishi kabi masalalar tahlil qilindi. Shaxsiy rivojlanish rejasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
– Bugungi o‘quv- seminarimiz kadrlar zaxirasini shakllantirish, rahbar kadrlarni tayyorlash maqsadiga qaratilgan, – deydi “O‘zmilliybank” AJ o‘quv markazi rahbari Turdiali Seydullayev. – Seminar davomida ishtirokchilar o‘z kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirish, faoliyatida yangi marralarga erishish uchun muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Ishtirokchilar o‘z tajribalari bilan o‘zaro o‘rtoqlashdi, mavzu yuzasidan savollar berib, mutaxassisdan batafsil javob oldi. Qizg‘in bahs-munozaralar esa tadbirning yanada samarali o‘tishiga xizmat qildi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA