Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan politexnikum hamda Samarqand arxitektura-qurilish texnikumi negizida Samarqand shahar muhandislik maktabi tashkil etiladi.
Bu vazifa davlatimiz rahbarining shu yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Umuman, hozirgi kunda Samarqand viloyatida 57 ta texnikum faoliyat yuritmoqda va bu muassasalarda sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda minglab yoshlar ta’lim olmoqda.

– Prezidentimizning 23 oktyabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etildi, – deydi Samarqand viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimov. – Yangi agentlikning asosiy vazifasi — texnikumlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kasbiy ta’lim sohasini zamon talablariga mos ravishda boshqarishdan iborat. Yangi qabul qilingan hujjatlarga ko‘ra, viloyatimizda mavjud kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 5 ta kasbiy ko‘nikmalar markazi ham texnikum sifatida qayta tashkil etilib, Kasbiy ta’lim agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Agentlik faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida texnikumlarning faoliyati yagona tizimda boshqarilib, samaradorlik oshishi kutilmoqda. Bu nimalarda ko‘rinadi?
Birinchi navbatda, qarorda belgilanganidek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya to‘lanadi. Har oylik stipendiya bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (412 ming so‘m) etib belgilangan.
Ikkinchidan, texnikumlar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan yuritiladigan milliy reyting natijalari asosida rag‘batlantiriladi. Milliy reyting 2026 yildan boshlab har o‘quv yili yakuni bo‘yicha shakllantiriladi va reytingda eng yuqori o‘rinni egallagan 50 ta texnikumning har biri BHMning 3 ming baravari (1 milliard 236 million so‘m) miqdorida rag‘batlantiriladi. Bu texnikumlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy ta’lim jarayonlarini yo‘lga qo‘yish uchun juda katta imkoniyat bo‘ladi.
Uchinchidan, 2026 yildan boshlab texnikum o‘quvchilari o‘rtasida har yili Prezident sovrini uchun “Kasbiy mahorat milliy tanlovi” o‘tkaziladi. Samarqand viloyati misolida aytadigan bo‘lsak, mazkur tanlovni o‘tkazish uchun amaliy bazalar, ustaxonalar va ishlab chiqarish korxonalari yetarli. Bu yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish va innovatsion g‘oyalarni ilgari surishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, 2030 yilga qadar texnikumlar faoliyatini tugatish, ularga tegishli yer uchastkalari, bino-inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirishga moratoriy joriy etildi. Bu texnikumlar faoliyatini kafolatlash va xalqaro standartlarga mos malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatini kengaytiradi.
Eng muhimi, Kasbiy ta’lim agentligining tashkil etilishi natijasida texnikumlarni boshqarishning samarali tizimi yaratiladi va muassasalar o‘rtasida raqobat kuchayadi, ta’lim sifati oshadi hamda yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlari kengayadi. Bu esa viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda mahalliy kadrlar bozorini mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri