Shu kunlarda mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilda Navoiy davlat pedagogika institutida kasbiy imtihonlar bo‘ladigan 13 ta ta’lim yo‘nalishiga 1242 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
– Institutimizda kasbiy imtihonlar bo‘lib o‘tadigan xonalar, sport zallari va moddiy texnik bazalar tayyor holatga keltirilgan, – deydi institut rektori, qabul komissiyasi raisi Muhiddin Kalonov. – Imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida malakali, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislar jalb etilgan. Institutda musiqa ta’limi, vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, rang tasvir, dizayn, maxsus pedagogika (surdotarjimonlik), yengil atletika, kurash, dzyudo, voleybol, basketbol, gandbol, futbol ta’lim yo‘nalishida ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tadi.
Imtihonlarning o‘tishida xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida har bir imtihon o‘tkazish joyi kuzatuv kameralari bilan to‘liq jihozlangan. Shuningdek, kasbiy imtihonlarning borishi institutning nspi.uz veb-sayti va telegramm ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirilib borilmoqda. Ota-onalar va abituriyentlarning yaqinlari video kuzatuv orqali xonalarda joylashtirilgan televizorlarda kuzatib bormoqda.
Har bir xonada bo‘lib o‘tayotgan imtihon jarayoni videokameralar orqali yozib olinmoqda va zarurat tug‘ilganida istalgan paytda uni qayta ko‘rish imkoni mavjud.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri