Banan o‘simligi faqatgina ekvator atrofidagi issiq va nam iqlimli tropik mintaqalarda yetishtiriladi deb o‘ylasangiz adashasiz, keyingi yillarda o‘zbekistonlik tajribali dehqonlar ham ushbu sitrus mevani yetishtirishning hadisini ola boshladi. Masalan, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Jizza qishlog‘ilik 73 yoshli To‘ra bobo Doniyorov 10 sotixlik issiqxonada mana ikki yildirki, banan yetishtirib el dasturxoniga yetkazib bermoqda.
Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalarkan, qiziqishimiz ortdi va o‘sha manzil tomon shoshildik.
Yuzidan nur yog‘ilib turgan, To‘ra bobo Doniyorov bizni qarshi oldi va issiqxonasiga chorladi.
Balandligi 3,5-4 metr keladigan bananzorni aylanar ekanmiz bir lahza o‘zimizni tropik mamlakatlarga tushib qolgandek his qildik.
– O‘zim qishloq xo‘jalik sohasida uzoq yillar faoliyat yuritdim, – deydi To‘ra bobo. – Pensiyaga chiqqach, bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab 10 sotix joyni qazdirib, hovuz qildirdim va baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘ydim. Ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Kutilgan natijani ololmadik. Keyin hovuzni quritib, issiqxona qurdik va limon ekdik. Parvarishidan adashdik shekilli u ham ijobiy natija bermadi. So‘ng internetdan banan yetishtirish haqidagi rolikni ko‘rib qoldim. Vodiylik banan yetishtiruvchi usta bog‘bonlar bilan bog‘landim va ikki yil avval Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan 250 tup banan ko‘chatini olib kelib ekdim. Natijasi yaxshi bo‘ldi.
Usta dehqonning ta’kidlashicha, issiqxonada oilaviy mehnat qilinadi. O‘tgan yili bananlar hosilga kirib, ko‘chatlar orasiga ekilgan bodring bilan birgalikda yaxshi daromad keltirdi. Hozirda issiqxonada 800 tupga yaqin banan ko‘chati baravj rivojlanmoqda.
[gallery-27030]
– Banan yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mehnati bor. Mutaxassislarning tavsiyasi asosida ish tashkil etilsa, ko‘zlangan natijaga erishiladi, – deydi dehqon. – Bizning sharoitimizda har bir tup nihol 20-30 kilogrammgacha hosil beradi. Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan banan sifati chetdan keltirilganidan ustun turadi. Shu bois xaridori ko‘p. Hosili yig‘ishtirib olingach, tagidan kesib tashlanadi. O‘rnidan ikki uchta bo‘lib ko‘karib chiqadi va tez fursatda bahaybat bo‘lib, o‘sib ketadi ya’ni nihollari tez ko‘payadi.
Baland bo‘yli yam-yashil bananzor, ayniqsa, atrof qup-quruq va sovuq bo‘lgan qish paytlarida kishiga o‘zgacha bahoriy kayfiyat ulashadi, bahri diling ochiladi.
“Har kuni erta tong issiqxonani bir aylanib chiqsam kun davomida o‘zimni yengil his qilaman, kayfiyatim ko‘tariladi”, deya ta’kidlaydi To‘ra bobo.
Darhaqiqat, u rahbarlik qilayotgan “To‘ra Asl Asali” sabzavotchilik fermer xo‘jaligida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Kelgusida xo‘jalik a’zolari bananzorni yana 15 sotixga kengaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, fermer xo‘jaligi hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ham ekilib, parvarishlanmoqda.
Xo‘jalikda parrandachilik ham yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda 5 tonnadan ortiq tovuq go‘shti mahalliy bozorlarga yetkazib berildi. Hozirda 6 ming dona broyler jo‘jalar parvarishlanmoqda. Ularning belgilangan vaznga yetishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Xullas oilaviy qilingan mehnat, o‘z mevasini bermoqda. Olingan daromad orzu havaslar ijobatiga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari