“Salomatlik – tuman boylik” degan naql bor xalqimizda. Inson biror dard bilan og‘riganida ayni hikmatning ma’nosini anglash bilan birga, bu borada joniga oro kiruvchi fidoyi shifokorlarning qadriga yeta boshlaydi.
Xalq mehri va xizmatiga shay bo‘lish esa eng oliy baxtdir. Atoqli olim, bolalar xirurgiyasi sohasida taniqli mutaxassis – tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Shamsiyev el koriga yaragan ana shunday fidoyilardan sanaladi. U o‘z hayotini bag‘ishlagan sohada ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Jumladan, Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markaziga asos soldi va ayni yo‘nalishda maktab yaratdi.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilib o‘sgan bo‘lajak olim Toshkent tibbiyot instituti pediatriya fakultetiga o‘qishga kirdi. Uni tugatgandan keyin Bulung‘ur tumani shifoxonasida mustaqil tajriba to‘pladi. 1969 yildan esa o‘z hayoti va kasbiy faoliyatini bir umr Samarqand tibbiyot instituti bilan bog‘ladi.
Mehnatsevarlik, matonat, shijoat va yangi bilimlarga chanqoqlik har qanday shaxsni yetuklikka yetaklaydi. Azamat Shamsiyev 1970 yildan Rostov meditsina instituti aspiranturasida tahsil olib nomzodlik dissertatsiyasini, 1983 yilda esa Tibbiyot fanlar akademiyasi Pediatriya ilmiy-tadqiqot institutida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ko‘p o‘tmay, Samarqand viloyati bolalar kasalxonasi negizida 2-bolalar xirurgiyasi kafedrasini tashkil qildi va boshqardi. Bir vaqtning o‘zida u Samarqand viloyati bosh bolalar xirurgi vazifasiga tayinlandi. Shu yili tashkil etilgan hozirgi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli, ixtisoslashgan klinikasining 40 yillik tarixi bevosita Azamat Shamsiyev nomi bilan bog‘landi. Uning rahbarligida 200 o‘rinli Markaz O‘zbekistonda bolalar xirurgiyasining bayroqdoriga va mutaxassislar tayyorlaydigan klinik bazaga aylandi. Markazda bolalar xirurgiyasining alohida neonatal, torakal, urologik, shoshilinch, yiring, shuningdek, reanimatsiya, kardioxirurgiya va yuz-jag‘ xirurgiyasi bo‘limlari tashkil etildi.
Olim 1990 yilda Samarqandda birinchi bo‘lib murakkab yurak operatsiyasini amalga oshirdi. Shu paytga qadar bu jarayon 200 dan ortiq bolalarda muvaffaqiyatli bajarildi. Shuningdek, uning rahbarligida ko‘krak qafasi organlarida, o‘pka, jigar, siydik-jinsiy va oshqozon-ichak tizimida yuqori texnologik xirurgik muolajaning amaliyotga tatbiq etilishi bolalar xirurgiyasi taraqqiyotiga jiddiy hissa bo‘lib qo‘shildi.
1991 yili Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markazida professor tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda ilk bor bolalar xirurglarining Butunittifoq simpoziumi va talabalarning 31-ilmiy konferensiyasi o‘tkazildi. Bu tadbirlar mamlakatning yetakchi mutaxassislarini birlashtirdi.
2004 yili professor Azamat Shamsiyev Samarqand davlat tibbiyot institutiga rektor etib tayinlandi va bu oliy o‘quv dargohini o‘n olti yil davomida boshqardi. Uning bevosita tashabbusi bilan O‘zbekistonda birinchi bo‘lib 2013 yilda xalqaro ta’lim standartlariga mos keladigan kredit-modul tizimi o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Natijada bu ilg‘or tajriba mamlakatning barcha oliy o‘quv yurtlariga joriy etila boshlandi. Uning rahbarligida institut xalqaro aloqalarni ham jadal rivojlantirib bordi, dunyoning 60 dan ortiq yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan shartnomalar tuzildi.
Azamat Shamsiyevning tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qish muddatini yetti yildan olti yilga keltirish tashabbusi respublikada shifokorlar tayyorlash milliy modelini xalqaro ta’lim standartlariga moslashtirishga olib keldi. 2018-2020 yillarda professor Azamat Shamsiyevning tashabbusi va bevosita rahbarligida Samarqand tibbiyot institutining 800 o‘rinli o‘quv binosi qurildi. O‘quv binosining me’moriy qiyofasini yaratishda Irlandiyada 1592 yilda qirolicha Yelizaveta I asos solgan Dublin universitetining mumtoz shakliga tayanildi.
Professor mas’uliyatli lavozimda bo‘lib ham klinik va ilmiy ishlarni davom ettira oldi. Uning ilmiy rahbarligida hozirga qadar 40 dan ortiq fan doktori va fan nomzodlari tayyorlandi. 12 ta darslik, 35 ta monografiya va mingdan ortiq ilmiy maqolalar nashr etildi. Ixtirolar uchun 70 dan ortiq patentlar olindi.
Olim 2000 yili professor A.Sulaymonov bilan hammualliflikda o‘zbek tilida birinchi marta “Bolalar xirurgiyasi” darsligini nashr ettirdi. Joriy yilda esa uning umumiy tahriri ostida akademiklar Yu.Isakov va A.Razumovskiyning “Bolalar xirurgiyasi” darsligi o‘zbek tilida chop etildi. Bu nashrlar O‘zbekistonda tibbiyot ta’limining rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Shuningdek, 1996 yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand bo‘limining tibbiyot sohasiga rahbarlik qilish jarayonida akademik E. Ergashev bilan “Biologiya va meditsina muammolari” jurnaliga asos soldi va uzoq yillar uning bosh muharriri bo‘ldi. Dunyoning bir qator ilmiy jurnallari, jumladan, Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan “Bolalar xirurgiyasi” va “Bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatologiya xabarnomasi” jurnallari tahririyati a’zoligiga qabul qilindi.
U Nyu-York fanlar akademiyasi akademigi, Yevropa (EUPSA) va Rossiya (RADX) bolalar xirurgiyasi assotsiatsiyasi, Osiyo laparoskopik xirurglar assotsiatsiyasi (ELSA), Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash qirollik assotsiatsiyasi a’zosi, Rossiya mediko-texnik akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya xirurglar jamiyatining a’zosidir. Bundan tashqari, olim bir qator xalqaro oliy o‘quv yurtlari va ilmiy jamiyatlar, jumladan, Grats tibbiyot universiteti (Avstriya), Ijevsk tibbiyot akademiyasi va Boshqirdiston davlat tibbiyot universitetining faxriy professori va akademigidir.
Uning fanga qo‘shgan hissasi o‘z natijalarini berib, 2014 yilda V.Nemsadze, A. Kisel nomidagi nufuzli mukofotlar, shuningdek, 2010 yili akademik A.Vishnevskiy nomidagi oltin medal bilan taqdirlandi.
Olim bugungi kunda shogirdlari, yosh hamkasblariga maslahat berishni, ular bilan tajriba almashishni, operatsiyalar qilishni sobitqadamlik bilan davom ettirmoqda. Uning navbatdagi ishi esa “Ipak yo‘lida innovatsion xirurgiya” jurnaliga asos solish bo‘ldi. Aholi sog‘lig‘ini saqlashga qo‘shgan hissasi uchun davlatning yuksak mukofotlari, jumladan, “Sog‘lom avlod uchun”, “Do‘stlik” ordenlari va boshqa medallar bilan munosib taqdirlandi.
Bu yil atoqli olim, Azamat Shamsiyev o‘zining 80 yillik yubileyini nishonlaydi. Darhaqiqat, inson mehnatlari ortidan olqishga sazovor bo‘lib yashashning zavqi o‘zgacha.
Jajji bolakaylarning saqlab qolingan hayoti, sog‘lig‘i va tabassumi, xirurglik mahorat bilan ularning kelajagiga qo‘shgan hissasi orqali professor Azamat Shamsiyev chin ma’noda kasbidan baraka topgan insondir.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA