Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasbi tumani qishloq xo‘jaligida tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi
11:12 / 2023-08-16

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qashkadaryo viloyatining Kasbi tumanida qishloq xo‘jaligida suv hisobini yuritish tizimini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2024 yil 1 martga qadar Qashkadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi  amalga oshiriladi.

 Tumanda suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etiladi. 

Qishloq xo‘jaligining har bir suv kirish va chiqish nuqtalari suv hisobini real vaqt rejimida aniqlab beradigan qurilmalar bilan jihozlanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi Kasbi tumanidagi barcha suv kirish va chiqish nuqtalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv olish joylarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

2024 yil 1 martga qadar suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi “Smartwater.uz” axborot tizimining elektron xaritasida Kasbi tumanidagi barcha sug‘orish tarmoqlari va inshootlari, shuningdek, ulardagi suv olish nuqtalari aks ettirilishi ta’minlanadi.

Suv xo‘jaligi ob’ektlarida o‘rnatiladigan raqamli qurilmalarga quyidagi talablar qo‘yiladi: 

talablar bo‘yicha texnik shartlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

2024 yil 1 martga qadar raqamlashtirish natijasida shakllangan ma’lumotlarni “Suv hisobi” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish;

2024 yil 1 aprelga qadar Kasbi tumanida amalga oshirilgan tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, suv resurslari hisobini yuritish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

foydalanilgan suv resurslarining iste’molchilar kesimida aniq hisobini yuritish tizimini shakllantirish; 

qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv yetkazib berish bo‘yicha to‘lovlarini maqbullashtirish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini qayta ko‘rib chiqish;

suv xo‘jaligi maxsus xizmatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish; 

barcha tumanlar va shaharlar hududiga kiruvchi suv nuqtalarini raqamlashtirgan holda, “Suv hisobi” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish; 

maxsus qurilmalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida ularning tannarxini kamaytirish; 

tumanlar hududiga yetkazilgan suv hajmi balansini shakllantirish va iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash;

suv resurslarini yetkazib berish xarajatlarini bosqichma-bosqich iste’molchilar o‘rtasida taqsimlash va undirish tizimini joriy etish; 

suv iste’moli normativlari asosida soliq hisoblash mexanizmini takomillashtirish; 

suv resurslaridan foydalanish hajmi, davriy ketma-ketligi hamda ekilgan ekin turlari asosida tasniflagan holda o‘sib boruvchi soliq stavkalarini joriy etish. 

O‘zA