FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining shu yilning 11 sentyabrda qabul qilingan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh soha fidoyilarini taqdirlash to‘g‘risidagi Farmoniga binoan Samarqand shahridagi alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 61-maktab-internatining tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi Rahmatullo Xushmatov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlandi.
Rahmatullo Xushmatov dastlab Kattaqo‘rg‘on pedagogika bilim yurtining tasviriy san’at va chizmachilik bo‘limida, keyinchalik Toshkent davlat pedagogika institutining Badiiy grafika fakultetida ta’lim olib, 1999-yildan buyon mazkur ta’lim muassasasida ishlab kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida u yuzlab shogirdlar yetishtirdi, “Kamoliddin Behzod izdoshlari” to‘garak-studiyasiga asos soldi. Ustozning xizmatlari “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” va boshqa unvonlar bilan ham e’tirof etilgan.
- 47 yillik pedagogik faoliyatim, mehnatimning bunday yuksak e’tirofi kasbimga bo‘lgan mehrimni yanada oshirdi, - deydi Rahmatullo Xushmatov. - Bu mukofot menga ulkan mas’uliyat, qolaversa yangi marralarni zabt etishga undaydi. Kelajak avlodning kamoloti ta’lim-tarbiya bilan. Ular kelajakda yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘sha olishi uchun biz, o‘qituvchilar, tinimsiz izlanishimiz kerak. Shunda biz istagan, orzu qilgan buyuk kelajak yaratiladi.
Rahmatullo Xushmatov faoliyati davomida alohida ta’lim ehtiyojlari bor bolalar bilan ishlashda katta tajriba to‘plaganini ko‘rsatadi. U 61-maktab-internatida faoliyatini boshlaganda, surdopedagogika va defektologiya bo‘yicha mutaxassislar deyarli yo‘q, bolalarga dars berish oson emas, hatto qiyin vazifa edi. Vaziyatdan chiqish uchun R. Xushmatov kutubxonalardan maxsus adabiyotlar topib, imo-ishora tilini o‘zlashtirdi. Keyinchalik esa boshqa hamkasblari bilan malaka oshirish kurslarida tajriba va metodikasini oshirdi.
[gallery-25521]
Rahmatullo Xushmatov nafaqat san’at ustasi, balki maxsus pedagogika sohasida o‘z bilimini amalda sinab ko‘rgan, hamkasblariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi yetakchi mutaxassis ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning shogirdlari orasida o‘z yo‘lini topib faoliyat olib borayotgan, oliy ta’limda o‘qiyotgan, kasbga ega bo‘lganlari ko‘p. Bu esa maktab ishining ijobiy natijasini tasdiqlaydi.
Ustozlik sharafi va mas’uliyatini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan bunday insonlar bor ekan, ta’limimizning kelajagi, albatta, nurafshon bo‘ladi. Prezident mukofoti esa bu fidoyilarning mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA