Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasbga sadoqatni hech qanday to‘siq to‘xtatib qololmaydi
12:04 / 2026-01-26

Oramizdagi zamondoshlarimiz

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan tog‘li Langar qo‘rg‘oni hududida kuchli qor yoqqani, shunday og‘ir ob-havo sharoitiga qaramasdan o‘qituvchining dars o‘tish uchun qor oralab maktab sari yo‘l olgani aks etgan video tarqaldi.

Bu video minglab insonlarni befarq qoldirmadi. Qalin qorni kechib, tog‘li hududdagi qishloq yo‘lidan maktab sari shoshayotgan o‘qituvchi ayolning har bir qadami oddiy harakat emas, balki kasbiga bo‘lgan sadoqat, o‘z burchi va vijdoniga sodiqlik ifodasi edi.

Qor qalin, yo‘l og‘ir. Ammo shu sharoitda ham u maktabga qarab intilyapti. Chunki uni u yerda kutgan o‘quvchilar bor. Bu o‘qituvchi – Langar mahallasida joylashgan 58-umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Muyassar Mamadaliyeva.

Muyassar opa 33 yildan buyon shu ta’lim dargohida tarix fanidan saboq berib kelmoqda. U oliy toifali o‘qituvchi, tarix fanidan milliy sertifikat sohibi. Ammo uning eng katta yutug‘i unvon yoki guvohnoma emas, o‘nlab yillar davomida qalblarga bilim urug‘ini sepib kelayotgan sadoqatidir.

U 1975 yil 19 yanvar kuni Xatirchi tumanining Langar qo‘rg‘onida tug‘ilgan. Oddiy mehnatkash oilada o‘sgan: otasi fabrikada ishchi, onasi esa tibbiyot muassasasida kichik tibbiyot xodimi bo‘lgan. Ana shu sof va halol muhit uni ilmga, ta’limga yetakladi. Maktabni tugatgach, Muyassar Mamadaliyeva Toshkent davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. Sirtdan tahsil olgan bo‘lsa-da, u o‘z maktabida dars berishni hayotining mazmuniga aylantirdi.

– Har qanday ob-havo sharoitida ham o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish biz o‘qituvchilarning vazifasi, – deydi u. – Qorli kun ham darsim bor edi. Qor qalin bo‘lsa-da, mendan oldin ketgan odamlar izidan maktabga yo‘l oldim. Video olinganini keyin bildim.

Bu gaplarda ortiqcha da’vo yo‘q. Oddiylik bor. Ammo aynan shu oddiylik ortida ulkan ma’naviy kuch, kasbga bo‘lgan yuksak hurmat mujassam.

Muyassar opa turmush o‘rtog‘i Muzaffar Ikromov bilan bir maktabda faoliyat yuritadi. U fizika va informatika fanlaridan dars beradi. Ular to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazmoqda: bir o‘g‘il, uch qiz. Farzandlarining 3 nafari oliy ma’lumotli, turli sohalarda faoliyat olib bormoqda. Kichik qizi esa hozir 8-sinf o‘quvchisi.

Qor oralab maktabga ketgan o‘sha qadamlar – bu faqat bir o‘qituvchining yo‘li emas. Bu ta’limga ishonch, kelajakka sadoqat yo‘li. Bunday ustozlar bor ekan, har qanday sovuqni, har qanday qiyinchilikni ilmning issiq nuri yengadi.

Albatta, o‘qituvchilik kasbi ham mashaqqatli, ham sharafli kasblardan biridir. Uni sevgan, qadrlagan o‘qituvchi borki, har qanday ob-havo sharoitida ham o‘quvchilarga saboq berishga shoshadi. Unga yo‘lning mashaqqati qiziq emas.

Muyassar Mamadaliyeva kabi o‘qituvchilar esa jamiyatimizning chin qahramonlaridir. Ular kamera uchun emas, vijdoni uchun yashaydi va mehnat qiladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri