Shu kunlarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yana bir tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi keng jamoatchilik o‘rtasida katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Bu hujjat oddiy ma’ruza emas, balki har bir sohani, har bir fuqaroning kundalik hayotini o‘z ichiga oluvchi strategik yo‘nalishlarni aniq belgilaydigan, kelajak uchun puxta rejalashtirilgan muhim hujjatdir. Murojaatnomada mamlakatimiz taraqqiyotining barcha sohalari, siyosiy, iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy himoya tizimi, ta’lim va tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar chuqur tahlil qilingan, shuningdek, aholi farovonligi va yoshlar kelajagi uchun muhim vazifalar belgilab berildi.

Sergeli Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor Sobir Tursunov Murojaatnoma mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ushbu Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini yaqqol ochib beradi. Mahalla har bir insonning hayotida asosiy tayanch bo‘lib, uning rivojlanishi yoshlar faoliyati, tadbirkorlik tashabbuslari va ijtimoiy tartib-tarzi bilan uzviy bog‘liq. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla nafaqat madaniy va ijtimoiy markaz, balki biznes va infratuzilmani takomillashtirishda, aholi farovonligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Bunga misol sifatida bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib borgani va yana 2 million 300 mingga yaqin aholi suv bilan ta’minlanganini keltirish mumkin. Shuningdek, 867 ta “og‘ir” mahallada 470 ming xonadon tomorqalarini sug‘orish uchun suv oladigan bo‘ldi. Infratuzilma sohasida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi: 8 million 100 ming kv.m ko‘p qavatli uylar aholiga topshirildi, 19 million kv.m maydonda esa odamlar o‘z uylarini qurdi. Biznes tomonidan 24 million kv.m noturar joy ob’ektlari barpo etildi. Shu bilan, oxirgi to‘qqiz yilda mamlakatda 210 million kv.m turli ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham taassurotli: 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi, 1,5 million aholi kambag‘allikdan chiqdi. Bu yil ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi, 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. 208 ta bog‘chada ilk bor inklyuziv ta’lim joriy qilindi. Ushbu natijalar aholining turmush sifati va farovonligi borasida erishilgan tarixiy yutuqlar sifatida baholanishi mumkin.
Ayniqsa, Murojaatnomada belgilangan to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish mamlakatimiz kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deyish mumkin. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, zamonaviy dunyoda raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar ta’sirida mehnat bozorida katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi esa yangi malakalar talab qiladi. Shu bois, mehnat bozori endilikda kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiruvchi yagona va samarali mexanizm sifatida ishlashi lozim. Bu yo‘nalishda qabul qilingan besh yillik dastur yoshlar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratadi: 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos uskunalar bilan jihozlanadi. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etiladi. Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchasi” maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalarda zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Tibbiyot tizimida kasbiy ta’lim esa alohida e’tiborga molik. Har bir hududda mahalliy va xalqaro standartlar asosida hamshira va tibbiyot xodimlari tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Angliya, Germaniya, Shveysariya, AQSH va Yaponiya tajribasi asosida ilg‘or dasturlar joriy etildi. Bu esa nafaqat malakali kadrlar tayyorlash, balki aholining tibbiy xizmatdan munosib foydalanishini ta’minlaydi. Shuningdek, oliy ma’lumotli mutaxassislar va ish beruvchilar o‘rtasida “raqamli ko‘prik” orqali talabalarning akademik ko‘rsatkichlari hamda bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar real vaqtda ko‘rinadi, bu esa malakali kadrlar va ish o‘rinlarini muvofiqlashtirishda samarali mexanizm yaratadi.
Masalan, Sergeli Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi faoliyati misolida aytadigan bo‘lsam, bugun texnikumda oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi joriy etilgan. Ushbu tizim Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiya va takliflariga tayangan holda ishlab chiqilib, texnikum va kollejlarda ta’lim mazmuni, amaliyot va malaka uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda texnikum oilaviy shifokor punktlari hamda oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan bo‘lib, o‘quvchilar o‘z ixtisosligiga mos ravishda ana shu muassasalarda muntazam amaliyot o‘tamoqda. Bu esa bo‘lajak mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, aholi bilan bevosita ishlash madaniyatini shakllantirishda muhim omilga aylanmoqda.
Prezidentimiz boshlagan islohotlar epkinida texnikumlarning xalqaro hamkorlik imkoniyatlari ham kengaydi. Bugungi kunda Janubiy Koreyada 30 nafar o‘quvchimiz tahsil olayotgani ana shu e’tibor va ishonchning yorqin ifodasidir. Bu tajriba o‘quvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy tibbiy bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirish, kelgusida milliy tibbiyot tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qiladi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari mamlakatimiz birlamchi tibbiyoti uchun raqobatbardosh, mas’uliyatli va malakali mutaxassislar tayyorlash borasida izlanish va sa’y-harakatlarini izchil davom ettirib kelmoqda. Bu esa Murojaatnomada belgilangan kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishning tibbiyot sohasidagi amaliy ifodasi hisoblanadi.
Murojaatnoma hamda uning amalga oshirish rejalari aholi farovonligi va mahallalar rivojlanishi bilan bog‘liq bir qator ustuvor vazifalarni belgiladi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan 2026 yil shundan dalolat beradiki, kasb, malaka va texnologik imkoniyatlar orqali har bir inson o‘z hayotini yaxshilashi mumkin. Korxonalar uchun ijtimoiy soliq imtiyozlari, “dual ta’lim” asosidagi stipendiyalar va moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yoshlarning zamonaviy kasblariga intilishini kuchaytiradi. Bu, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Murojaatnoma – bu faqat ma’ruza emas, balki zamonaviy O‘zbekistonni barpo etish uchun aniq yo‘nalishlar, strategik vazifalar va amaliy choralar yig‘indisi. Yoshlarimizga zamonaviy kasb va malaka, mahallalarimizga infratuzilma va farovonlik, tibbiyot va ta’lim tizimimizga ilg‘or texnologiyalar kiritilishini ta’minlovchi mazkur dastur mamlakatimiz barqaror taraqqiyotining asosiy poydevoridir.
Mohigul Qosimova, O‘zA