KOICA xalqaro kompaniyasi Shofirkon tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, nochor oilalar bekalari, ishsiz va daromadsiz qolgan xotin-qizlarni kasb-hunarli qilishda hamkorlik qilmoqda.
Koreya kompaniyasi grantlari asosida 2022 yil yanvar oyidan boshlab uch yillik shartnoma asosida faoliyat yuritib kelayotgan “Shofirkon xotin-qizlar tadbirkorlik markazi” da shu kunga qadar alohida toifalangan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” ga kiritilgan 500 nafardan ziyod fuqaro o‘qib, muayyan kasbga ega bo‘ldi. Bu markazda tikuvchilik, ayollar sartaroshligi, gulchilik, pazandalik kurslarida 3 oy, uy hamshiraligi, biznes ko‘nikmalari kurslarida 6 oylik o‘quv kurslarini bitirganlar ishli va daromadli bo‘lishiga kafolat bor.

Markazda o‘qib, kasb-hunar o‘rganishga talabgorlarni saralashda tuman hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi alohida faollik ko‘rsatmoqda. Bunda umumiy jarayon, o‘quv mashg‘ulotlarining sifat va samaradorligi muntazam nazorat ostida. Og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan ehtiyojmand xotin-qizga o‘zlari istagan va markazda taklif qilinayotgan kurslar bo‘yicha ko‘nikma olishlariga sharoit yaratilmoqda. Qolaversa, ilk faoliyatni boshlashida zarur mehnat qurollari, inventarlarga ega bo‘lishlari uchun ularga tuman hokimligi tomonidan imtiyozli kredit va subsidiya mablag‘i ajratilmoqda.


Shuningdek, og‘ir ahvolga tushib qolgan, ruhiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarga markazda tashkil qilingan ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya xonasida tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, ichki ishlar, adliya, sud-huquq tizimi mas’ul xodimlarining sayyor qabullari muntazam tashkillashtirib borilmoqda. Mazkur ijtimoiy moslashuv xonalarida oliy toifali psixolog Zamira Ashurova tomonidan treninglar, tuman oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasining nizolashgan oilalarni yarashtiruv tadbirlari doimiy tashkillashtirib kelinadi.


Ma’lumot uchun, 2021 yil 17 sentyabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakillari tomonidan umumiy byudjeti 400 ming AQSH dollariga teng, “SOVID-19” pandemiyasidan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha Memorandum imzolangan.


Kelishuv memorandumi asosida ayni kunga qadar Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Xo‘jalar”, Shofirkon tumanidagi “Qalmoqon” hamda Kogon tumanidagi “Xo‘ja Yakshaba” mahallalarida “Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari” tashkil etilgan.
Zarif Komilov, O‘zA