Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan murojaatnomasini diqqat-e’tibor va katta hayajon bilan tinglar ekanman, mamlakatimizdagi islohotlarda “inson omili” eng muhim mezonlardan biri ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Prezidentimizning “Biz Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilayapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”, – deya ta’kidlagan fikrlari diqqat markazimizda bo‘ldi. Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida imkoniyati cheklangan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash, kasb-ta’limni o‘rgatish bo‘yicha ijtimoiy yondashuvga katta e’tibor berilmoqda. “Ishga marhamat” monomarkazida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish, kasb-hunar o‘rganishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, xorijiy til, kompyuter savodxonligi va kompyuterda dasturlash asoslari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi. Jumladan, hozirgi kungacha gulchilik seleksiyasi, tikuvchilik qandolotchilik, yosh bolalar uchun enaga, tarbiyachisi yordamchisi, oshpazlik, payvandlovchi, elektrik, ayollar sartaroshi va uqalovchi yo‘nalishlarida jami 41 nafar o‘quvchi bitirgan, hozirgi kunda 60 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Shuningdek ularga mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda subsidiya ajratish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni tizimli ravishda amalga oshirmoqdamiz.
Monomarkazda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ham ko‘proq jalb etgan holda ularga kasb-hunar o‘rgatilib, shu orqali bandligi ta’minlanmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar uchun qulayliklar va imkoniyat yaratish maqsadida olis tumanlarda qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu tuman filiallarida jami 1316 nafar fuqarolar kasb-hunar sirlarini o‘rgandilar.
Murojaatnomadan kelib chiqqan holda 2023 yilda Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tinglovchilar sonini ko‘paytirish va aholi bandligini ta’minlashda yuqori ko‘rsatgichlarga erishishni maqsad qildik. Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolar, imkoniyati cheklangan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitishni yanada kuchaytirilishi ularni bandligini ta’minlash orqali oilasiga qo‘shimcha daromad kelishiga sharoit yaratiladi.
Shuningdek, kasb-hunarning ahamiyatini, sir-asrorlarini yoshlarga ham yetkazish muhim hisoblanadi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, “bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.” Bundan kelib chiqqan holda 2023 yilda maktab o‘quvchilarida kasb-hunarga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishni, monomarkaz bo‘ylab sayohat uyushtirishni, o‘quvchilarni kasb-hunarga qiziqtirishga doir seminar va davra suhbatlari tashkil qilishni rejalashtirganmiz.
Alixan Umarov
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat”
monomarkazi direktori