Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasb-hunari bor kishi birovning qo‘liga qarab qolmaydi
07:37 / 2022-03-30

Farg‘ona tumanida yashovchi Tursunoy Mamarizayeva ikkinchi guruh nogironi. U imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejining hisobchilik yo‘nalishini tamomlagan. Uch yil davomida o‘ziga munosib ish topolmay kelayotgan edi. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazining yo‘llanmasi bilan Farg‘ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida tikuvchi-dizayner yo‘nalishida qisqa muddatli kursga jalb etildi. Tursunoy bu yerga kelganiga endigina bir oy bo‘lgan bo‘lsada ustozlaridan bu hunarni qunt bilan o‘zlashtirmoqda. Mustaqil ravishda turli kiyimlarning dizaynini yaratish harakatida.

– Bu yerga kelib, oldimga katta maqsadlarni qo‘ydim, – deydi Tursunoy. – Birovni qo‘liga qarash bilan hayot kechirib bo‘lmaydi. Insonga hunar doimo asqotadi. Ayniqsa, bugungi kunda xotin-qizlarga imkoniyat juda katta. Uyimizda tikuvchilik sexini tashkil qilmoqchiman. Shu bois markazda tikuvchilik va tadbirkorlikni astoydil o‘rganmoqdaman.  
Darhaqiqat, bugungi kunda yurtimizda aholining bandligini ta’minlash borasida samarali tizim, ya’ni kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti joriy etildi. Hayotda biror hunarga ega bo‘lgan kishi hech qachon ishsiz yoki daromadsiz qolmaydi. bugungi kunda Farg‘ona viloyatida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ehtiyojmand oilalar, turli daftarlarda turuvchi ishsiz aholi qatlami joylarda tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga o‘qitish markazlariga qamrab olinib, o‘zlari qiziqqan muayyan hunarga ega bo‘lmoqda.  

[gallery-6352]

Farg‘ona shahar “Shodiyona” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida doimo qaynoq jarayonning guvohi bo‘lasiz. Bu yerda shahar hamda tumanlardan kelgan aholiga qisqa kurslar orqali kasb-hunar o‘rgatilmoqda. Yiliga 5 ming kishini o‘qitish imkoniyatiga ega markazda talab yuqori bo‘lgan qurilish, maishiy xizmat, tikuvchilik, axborot texnologiyalari, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish kabi sohalar bo‘yicha jami 17 ta kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun markazda zarur texnik vositalar, innovatsion xonalar, malakali pedagoglar jamoasi yaratildi.  

Monomarkazda tinglovchilarga rus, ingliz tilini o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birgalikda mashg‘ulotlarda tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘rgatilyapti. O‘tgan yilda ish boshlagan markazni hozirga qadar 862 nafar tinglovchi tamomlab, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. 310 nafari o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, 300 nafari o‘z sohasida, qolganlari boshqa sohalar ishlamoqda. 

– Monomarkaz faoliyati band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish, kasb-hunar, xorijiy til kurslari, raqamli texnologiyalarga o‘qitish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘qitish hamda tadbirkorlikka jalb qilish, fuqarolarga psixologik va yuridik xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Bekzodjon Mamajonov. – Ayni kunlarda 590 nafar tinglovchi bu yerda tahsil olmoqda. Biz doimo mehnat bozorini tahlil qilib boramiz. Hozirda yuk ko‘tarish mashinasi operatori, elektrogazpayvandlash, ofitsiant-batler yo‘nalishlariga ehtiyoj ortayotganligi sababli bular bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qildik. Shu bilan birgalikda yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar va tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolaganmiz. Kasb-hunarga ega bo‘lganlar shu joylarda ish bilan ta’minlanmoqda. 
 

 

M.Sulaymonov,M. Qodirov (surat),O‘zA