Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida yashovchi Bozor To‘xtayev gepatit kasalligiga chalinarkan davolanishni boshladi. Shu bilan birga tanishlarining tavsiyasiga ko‘ra, tuya sutini ham iste’mol qildi. Bir muddatdan so‘ng tekshiruvlarga borarkan, natijalar ijobiy chiqdi.
Shundan so‘ng bir bosh tuya sotib olib uning sutini doimiy iste’mol qilishni boshladi. Bu o‘rtada tuya suti icharmanlar ham ko‘payib qoldi.
Bozor To‘xtayev o‘ylab-o‘ylab tuyachilikni tadbirkorlikka aylantirishga qaror qildi. Tijorat banklaridan kredit olib sog‘im tuyalar sonini ko‘paytirdi. Qarabsizki bir necha yil ichida tuyalari ko‘payib qoldi.
– Faoliyatimizni 2012 yilda boshlaganmiz, – deydi Bozor To‘xtayev. – Avvaliga bitta, keyin ikkita, bankdan kredit olib yana uchta tuya sotib oldik. Hozirgi kunda bir kunda 8 ta tuyadan 35-40 litrga yaqin sut sog‘ib olamiz. Yana 6 tasi tug‘ish arafasida. Viloyat hokimining ko‘magi bilan ichki turizmni rivojlantirib, tuya suti ichish uchun kelganlarga qulaylik yaratish maqsadida yangi maskan qurdik. Avvallari mehmonlar qatnab tuya suti ichib ketishgan bo‘lsa, hozir bemalol shu yerning o‘zida yotib iste’mol qilishi uchun imkon yaratildi. Bugungi kunda nafaqat viloyatimiz va qo‘shni viloyatlardan, balki qo‘shni respublikalardan ham mehmonlar kelmoqda. Jami 35 ta tuyamiz bor. Kelgusida faoliyatni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
[gallery-25623]
Suvsizlikka va ochlikka chidamli bu jonivorlar chorvadorning ta’kidlashicha, kasalliklarga ham chidamli. Ozuqa tanlamaydi. Har qanday sharoitda yashab ketaveradi. Xo‘jalikdagi ishlarni asosan Bozor boboning o‘g‘li Sherzod To‘xtayev yuritadi. Uning ayoli esa, tuyalarni sog‘ish ishlariga mas’ul.
– Tuya bahaybat ko‘ringani bilan aslida juda bosiq va beozor jonivor, – deydi Sherzod To‘xtayev. – Har birining laqabi bilan chaqiramiz. Ularga qancha mehr bersangiz, shuncha sizga tez o‘rganadi. Kichik yoshli farzandlarim ham yetaklab ketaveradi. Oilaviy mehnat qilamiz. Shukr daromadi yomon emas. Mehmonlar ham, biz ham mamnunmiz.
Ta’kidlash lozimki, Bozor To‘xtayev boshlab bergan tuyachilik yo‘nalishi bugungi kunga kelib, tumandagi Qoraqum mahallasining drayveriga aylandi. Ayni paytda mahallada tuyachilikni rivojlantirish va shakllantirish maqsadida 55 ta xonadon tuyachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda va ularda 205 ta tuya parvarishlanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari