French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasallikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan yaxshi
14:05 / 2023-02-24

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.

Dastlab filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Laziz Gaziyev muassasa faoliyati, shifo maskanida amalga oshirilgan ishlar, Prezidentimizning 2021 yil 27 maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlari ko‘rsatishning tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida bajarilgan ishlar va gematologik hamda onkologik kasalliklarni oldini olish maqsadida erta diagnostika qilishning afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berdi.  

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali 2013 yilda davlat dasturi asosida yangidan qurilib ishga tushirilgan. Filial 70 o‘ringa mo‘ljallangan. Shundan 30 o‘rni kimyo terapiya, 30 o‘rni jarrohlik va yana 10 o‘rni palliativ bo‘limlar hisoblanadi. 50 qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasi ham mavjud.  

O‘tgan yilda filialning jarrohlik bo‘limida – 1 ming 500, kimyo terapiya bo‘limida –2 ming 24 nafar, jami – 3 ming 524 nafar bemor yotib davolandi. Shifoxonada davolangan bemorlar soni yoshiga ko‘ra tahlil qilinganda – 14-17 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar soni 54 nafarni, 18-35 yoshdagilar 116, 36-44 yoshdagilar 82, 45-59 yoshdagilar 153 hamda 60 yoshdan kattalar soni 335 nafarni va bularning 50 foizdan ko‘prog‘ini ayollar tashkil etgan.  

Filial shifokorlari tomonidan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy madaniyatni oshirish, onkologik kasalliklarning oldini olish va ilk belgilari mavzusida aholi o‘rtasida, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.  

Press-tur davomida viloyatda 2022 yil davomida 968 nafar onkologik bemor “D” hisobiga olingan. Viloyatda sut bezi saratoni, oshqozon, bachadon bo‘yni, jigar saratoni kasalliklari bilan kasallanish holatlari o‘sib borayotgani ta’kidlandi.  

– Nafaqat onkologik, balki har qanday kasallikni davolashdan ko‘ra, uni oldini olgan yaxshi, – deydi filial vrach-radiologi Eldor Saidov. – Filialimizga ajratilgan eng so‘ngi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan maxsus tibbiy mobil transport vositasida  kasalliklarni erta aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ya’ni mazkur transport vositasida belgilangan jadval asosida viloyatning shahar va tumanlaridagi qishloqlarda 45 yoshdan katta ayollarni bepul tibbiy ko‘rik, ya’ni mammoskriningdan o‘tkazyapmiz.  

– Ushbu mobil mammoskrining tekshiruvidagi tahlillar to‘g‘ridan-to‘g‘ri filialdagi kompyuter ekaranida onlayn holatda namoyon bo‘ladi, – deydi filial vrach-mammografi Shohrux Temirov. – Tahlillar filialda mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilib, Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga elektron shaklda jo‘natiladi. Kasallikning ilk belgilari mavjud bo‘lgan bemorlar ro‘yxatga olinib, ushbu dardni rivojlanishini oldi olinishi uchun zarur muolajalarini zudlik bilan boshlaymiz. Mabodo tahlil jarayonida bemorda kasallikning mavjudligi aniqlansa uni shifoxonaga yotqazib, bepul davolash ishlari boshlanadi.  

[gallery-10692]

– Joriy yilda amalga oshirishni rejalashtirgan ishlarimiz qamrovi katta, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Laziz Gaziyev. – Filialimizda kimyo terapiya sohasida target terapiyasini davom ettirish, viloyatning barcha tumanlarida onkologik kasalliklarni nazorat qilishning zamonaviy usullarini tatbiq kilish, filial palliativ bo‘limida IV bosqichdagi onkologik kasallarga palliativ yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, RIOvaRIATM boshchiligida onkologik kasallarga tashxis qo‘yishda telemeditsinani takomillashtirish, onkomarkyorlar yordamida tekshiruvlarni bosh-bo‘yin va ko‘krak qafasi bo‘shlig‘i o‘sma kasalliklarida jarrohlik usullarini o‘tkazish uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni reja qilganmiz. Shuningdek, tibbiy turizmni rivojlantirish maqsadida shifoxonamiz hududidagi bo‘sh turgan yerda 150 qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasi qurish, 20 o‘rinli radiologiya bo‘limini ochish, elektron poliklinika ishini yo‘lga quyish, shifokorlar malakasini chet mamlakatlarda oshirishga yuborish, 6 o‘rinli reanimatsiya bo‘limini ochish, jalb qilingan yosh shifokorlar uchun shtat birligi olish, Islom taraqqiyot banki kredit mablag‘lari evaziga keladigan 48 turdagi tibbiy texnika uchun xonalar ajratish va jihozlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.  

Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga filial mutaxassislaridan batafsil javob oldi.  

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga uyushtirilgan press-tur ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA