Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo‘yicha reimbursatsiya dasturi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
13:00 / 2024-10-07

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo‘yicha reimbursatsiya dasturi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaroro qabul qildi.

Unga muvofiq, Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo‘yicha reimbursatsiya dasturi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomda: 

shifokor tomonidan reimbursatsiya dasturi doirasida dori vositalarini tayinlash; 

shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dorixonalar tomonidan dori vositalarini bemorlarga bepul berish; 

elektron retsept asosida dorixonalar tomonidan berilgan dori vositalari qiymatini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tartibi belgilab berilgan. 

Qarorga ko‘ra: 

shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept bo‘yicha davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketiga kiritilgan dori vositalari bemorlarga dorixonalar tomonidan reimbursatsiya dasturi asosida bepul beriladi; 

reimbursatsiya dasturi asosida beriladigan dori vositalari bo‘yicha dorixonalarning xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali qoplab beriladi. Bunda Jamg‘arma bilan dorixonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuziladi va dorixonalarning xarajatlarini qoplash uchun to‘lovlar g‘aznachilik xizmati organlari orqali yuridik majburiyat rasmiylashtirilgan holda har oyda kamida bir marotaba moliyalashtiriladi; 

reimbursatsiya dasturini amalga oshirishda bemor yoki uning qonuniy vakilining mobil telefon raqamiga yuboriladigan SMS-xabarlar bo‘yicha xarajatlar reimbursatsiya dasturiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi reimbursatsiya dasturi asosida beriladigan dori vositalarining chakana savdoda mavjudligi (defektura) yuzasidan doimiy monitoring o‘tkazib, natijalarini har oyning 5-sanasiga qadar Jamg‘armaga taqdim etib boradi.

Ushbu Nizom aholiga ambulator tibbiy yordam ko‘rsatishda dori ta’minoti shaffofligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida dori vositalarining chakana savdosi bilan shug‘ullanish uchun tegishli litsenziyaga ega hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga  nisbatan tatbiq etiladi.

O‘zA