Prezident tashabbuslari – amalda
Ota-ona uchun farzandining sog‘lom ulg‘ayayotganini ko‘rish eng muhim jarayon sanaladi. Ammo hayotda shunday sinovlar borki, bola tug‘ilgan kundanoq qandaydir dori-darmonga, maxsus parhezga, tibbiy jihozlarga muhtoj bo‘lib qoladi.
Orfan kasalliklari shunday sinovlardan biridir. Ular juda kam uchraydi, lekin har bir holat ortida bir bola, bir oila, bir taqdir turadi. Shu bois Prezident tashabbusi bilan O‘zbekistonda bunday bolalarga g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Endi ularni nafaqat davolash, balki hayotini yengillashtirish, kelajakka ishonchini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni orfan kasalliklariga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.
Mamlakatimizda irsiy va tug‘ma kasalliklar bilan tug‘ilishning oldini olish, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga chalingan bolalarga o‘z vaqtida tashxis qo‘yish va davolashga qaratilgan tibbiy hamda ijtimoiy yordam tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda 5 turdagi orfan va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan jami 2174 nafar bola davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul diagnostika, dori vositalari va maxsus shifobaxsh oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, diagnostika sifatining yaxshilanishi natijasida orfan kasalliklarning yangi turlari aniqlanmoqda va davolanishga muhtoj bolalar soni ortib bormoqda. Taqdimotda orfan va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida axborot berildi.
– Dunyo tajribasida orfan kasalliklarini davlat hisobidan davolash yoki dori bilan ta’minlash kamdan-kam hollarda uchraydi, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Ammo O‘zbekiston 2019 yilda bu majburiyatni o‘z yelkasiga olib, dunyo mamlakatlari ichida 50 talikka kirdi. Kam uchraydigan kasalliklarni davolash, diagnostika va reabilitatsiya bo‘yicha O‘zbekiston keyingi sakkiz yil ichida juda muhim qadamlar qo‘ydi. Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi keng ko‘lamli va chuqur islohotlar jarayonini kechirmoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy maqsadi tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va inson sog‘lig‘ini davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilashdir. Islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri dori vositalari va tibbiy jihozlar aylanishini samarali tartibga solishdir. Chunki ushbu tizimning shaffofligi ishonch, bemor xavfsizligi va davolash samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois aholini zarur dori vositalari bilan ta’minlash jarayonida har bir preparatning sertifikatdan o‘tgani, xalqaro standartlarga mosligi va dorixonalar tarmog‘iga qonuniy yo‘l bilan kelgani kafolatlanmoqda. Davlat, shuningdek, tibbiy uskunalar importi va aylanmasi ustida nazoratni kuchaytirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mamlakatimizda irsiy kasalliklar oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dunyo miqyosida bunday xastaliklar ko‘payib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston ilk tashxis va genetik skrining strategiyasini ishlab chiqqani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Maqsad orfan kasalliklarning oldini olish, aholini xabardor etish va laboratoriya tizimini mustahkamlashdir.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan diagnostika imkoniyatlari kengayib, fan rivojlanmoqda. Eng zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilmoqda. Xalqaro hamkorlik kengaymoqda va orfan kasalliklari diagnostikasi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
– Taqdimotda kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlab chiqilgan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida axborot berildi, – deddi Elmira Bositxonova. – Endilikda davlat hisobidan davolanadigan kasalliklar soni 5 tadan 10 tagacha kengaytiriladi. Yosh chegarasi esa 18 yoshdan 21 yoshga uzaytiriladi. Bu dastur orqali bolalarni nafaqat diagnostika qilish, balki qimmatbaho dori vositalari bilan ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va reabilitatsiya xizmatlari qamrovini kengaytirishga ham erishamiz.
Tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari katta yuklama bilan ishlayotgan bu sharoitda ularning mehnat sharoitini yaxshilash, maoshini oshirish, kasbiy o‘sishini rag‘batlantirish bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda. Chunki har bir statistika, har bir loyiha va islohot ortida fidokorona mehnat qilayotgan shifokor, feldsher va hamshiralar bor. Shu bois ham taqdimotda soha vakillari salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Texnologiyalar jadal rivojlanmoqda. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, skrining xizmatlarini rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.
Bolalar milliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Firdavs Inomov ta’kidlashicha, taqdimotda ko‘rib chiqilgan eng muhim masalalardan biri orfan va boshqa irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlardir. Ular qatoriga bugungi kunda ko‘p uchrayotgan va global muammoga aylangan o‘tkir osti sklerozlanuvchi panensefalit kasalligining ham kiritilishi ota-onalar uchun muhim yangilik bo‘ldi.
– Ushbu kasallikni chet ellik mutaxassislar jiddiy o‘rganishmoqda, – dedi Firdavs Inomov. – Davolash usullari va yangi algoritmlar soni ko‘paygani sababli u orfan kasalliklari ro‘yxatiga kiritildi. Hozirgi kunda bemorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tibbiy jihozlar bilan ta’minlash va reabilitatsiya markazlari faoliyatini takomillashtirish soha rivojiga katta hissa qo‘shmoqda.
Xulosa shuki, aniq strategiyasi va puxta dasturlarga ega mamlakatgina bunday kasalliklar bilan samarali kurasha oladi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarga alohida urg‘u berilgani ahamiyatli.
O‘zbekiston yuqori texnologiyali uskunalarni joriy etmoqda, dori vositalari importiga alohida e’tibor bermoqda. Zero, har bir bola jamiyat, xalq va mamlakatning ertasi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA