Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasallik tarqalishini qanday qilib matematik tahlil qilish mumkin? (+Video)
11:24 / 2023-11-19

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barcha soha va yo‘nalishlarda bir qator ustuvor maqsad-vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ya’ni 40 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish, ilmiy tashkilot xodimlarining ish haqini o‘rtacha 2 barobarga oshirish, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktorantura kvotalari sonini 5 ming 200 taga yetkazish kabi qator vazifalar o‘z aksini topgan.  

Bugun oramizda o‘z sohasida yangiliklar yaratayotgan, intellekti baland yoshlar talaygina. “Yosh olimlar” loyihasi orqali tadqiqotlar olib borayotgan yoshlarning izlanishlari bilan qiziqdik.  

Ulardan biri Fanlar akademiyasining Matematika instituti ilmiy kotibi, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sobirjon Shoyimardonov.  

U o‘tgan yili “Epidemiologik modellarning dinamik sistemalari” mavzusida falsafa fanlari doktori ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.  

— Men asosan biror bir kasallikni tarqalish modellarini matematik jihatdan tahlil qilish bilan shug‘ullanaman, — deydi S.Shoyimardonov. — Bu qanday amalga oshiriladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Kasallikning hozirgi holatidan kelajakda qanday holat kelib chiqishi matematik asoslar bilan o‘rganiladi. Bu parametrlarni baholash orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, epidemiya ma’lum vaqtdan keyin yo‘qolib ketadimi yo‘qmi yoki pandemiya epidemiyaga aylanishi mumkin bo‘lgan holatlar tahlil qilinadi.  

Hozirgi izlanishlarim, ya’ni doktorlik ishim kasalliklar kelajagini bashorat qilishni matematik tahlil qilishdan iborat.  

—Kasallikni qanday qilib oldindan bashorat qilish mumkin?  

— Buning uchun biologik yoki tibbiyotchi olimlar tajribalari yordamida olingan ma’lumotlar asosida biz model tuzamiz.  

Misol uchun, biron virusning inkubatsion davri 2-14 kun. Inkubatsion davri shu kunlarda o‘zgaradigan barcha holatlar uchun aholining kasallikka chalinish holatini tahlil qilamiz.  

— Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?  

— Koeffitsiyentlarga qarab. Agar ular ma’lum oraliqda o‘zgarsa, 6 oy ichida barcha aholi kasallikni boshidan kechiradi va ularda immunitet paydo bo‘ladi va biz kasallikni yengib o‘tamiz. Mabodo ikkinchi to‘lqin boshlansa, koeffitsiyentlar mana bu oraliqda o‘zgarganda keyingi yilning qaysidir oyida bizni ikkinchi to‘lqin kutmoqda, degan prognozlarni matematik jihatdan tahlil qilib beramiz.  

— Bu ma’lumotlar taxminiy bo‘ladimi yoki asoslimi?  

— Albatta, bu bir nechta parametrlarga bog‘liq. Shu sababli oson bo‘lmaydi. Qancha ko‘p parametrlarni hisobga olsak, shuncha aniqroq ma’lumot bera olamiz.  

— Tadqiqotlaringiz qayerlarda qo‘llanilmoqda?  

—Misol uchun, koronavirus pandemiyasi boshlangan paytda biz haftalik prognozlarni berib bordik. Shuningdek, ba’zi sistemalar dinamikasini o‘rganishda olgan natijalarimiz hamda usullarimiz mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan qo‘llanib kelinmoqda.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5jNJpLIMshk" title="Kasallik tarqalishini qanday qilib matematik tahlil qilish mumkin?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, A.Ahmedov (video), O‘zA