Shifokor o‘z ish joyida himoyasiz qolsa, bemor taqdiri qanday bo‘ladi? Mana shu savol Xovos tuman tibbiyot birlashmasi misolida yana bir bor dolzarblik kasb etdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Boyovut tumanlararo sudi adolatli qaror chiqardi. 97 nafar shifokor va hamshiraga tibbiy xalat hamda qalpoqlar ajratildi. Sud qaroridan kelib chiqib, ish beruvchi jami 20 million 520 ming so‘m mablag‘ ajratishi shartligi qonun asosida belgilab qo‘yildi.
Bu jarayon tasodifiy emas. U — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik nazorati natijasi. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha texnik inspektor Abror G‘aniyev tekshiruv paytida xodimlar maxsus tibbiy kiyim bilan ta’minlanmaganini aniqlagandi. Ish beruvchiga berilgan ko‘rsatma o‘z vaqtida bajarilmagani uchun masala sudgacha yetdi.

Sudda kasaba uyushmasi da’vosi to‘liq qanoatlantirildi.
– Biz kun bo‘yi bemorlar bilan bevosita muloqot qilamiz. Har bir xalat va qalpoq nafaqat bizning, balki bemorlarimizning xavfsizligi uchun ham zarur. Sud qarori biz uchun katta g‘alaba bo‘ldi, – deydi Xovos tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Bahrom Xidirov.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tibbiyot xodimlarini maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlash qonun talabi bo‘lib qolmay, inson salomatligini asrashning eng muhim kafolatlaridan ham biridir. Chunki zamonaviy kasalxona qurishdan avval, unda ishlaydigan shifokor va hamshiralar uchun xavfsiz mehnat muhitini yaratish zarur.

Bu sud qarori esa kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rni, ularning ish beruvchilar ustidan samarali jamoatchilik nazorati olib borishi va xodimlar manfaatini himoya qilishdagi kuchini yana bir bor amalda ko‘rsatdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri