Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasaba uyushmasi – xodimlar tayanchi
16:34 / 2022-09-24

bugungi kunda fuqarolarning o‘z faoliyati yoki o‘qish turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilishda kasaba uyushmalari faoliyati alohida e’tiborga sazovor.

2019 yil 6 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi qonunning imzolanishi kasaba uyushmalari hayotidagi muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari va 6,1 mln.dan ortiq kasaba uyushmalari a’zolarini birlashtiradi.

Ma’lumki fuqarolarning yashash, mehnat qilish kabi konstitutsiyaviy huquqlaridan biri, bu –  kasaba uyushmalariga birlashish huquqidir. Ushbu huquq fuqarolarning mehnat qilish huquqi bilan uzviy bog‘liqdir. Mehnat qonunchiligining rivojlanishi kasaba uyushmalariga oid qonunchilikning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Zero, mehnat qonunchiligining maqsadi fuqarolarning mehnat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, ularning ro‘yobga chiqarilishini kafolatlash va ish beruvchi hamda xodimlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlashdan iboratdir. Mazkur huquqlar barcha demokratik tamoyillarga asoslangan davlatlar siyosatining muhim elementi hisoblanadi.

Shu sababli butun jahon hamjamiyatida insonlarning mehnat qilishga bo‘lgan huquqi alohida himoya ostiga olingan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasida, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro Pakt va boshqa inson huquqlariga oid xalqaro-huquqiy hujjatlarda har bir insonning mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli va qulay mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanish huquqlari bilan bir qatorda birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashishi, jamoa muzokaralarini o‘tkazish va ularda ishtirok etish huquqi mustahkamlangan.

O‘zbekiston Respublikasi ham xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida yuqoridagi xalqaro-huquqiy hujjatlarga amal qilgan holda insonlarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini Asosiy Qomusida mustahkamlab qo‘ygan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Bundan tashqari, Asosiy qonunda kasaba uyushmalari institutining huquqiy maqomi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi.

2016 yil 25 oktyabr kuni «Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiyasini (San-Fransisko, 1948 yil 9 iyul) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi 1992 yildan boshlab Xalqaro mehnat tashkilotining a’zosi hisoblanadi va tashkilotning 19 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.

Birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli Konvensiya mehnat sohasida fundamental tamoyil va huquqlarni belgilovchi Konvensiya hisoblanib, Xalqaro Mehnat Tashkilotiga a’zo 187 ta mamlakatning 153 tasi uning ishtirokchisi hisoblanadi.

Konvensiya xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish va ularga a’zo bo‘lish, o‘z ustavlari va ma’muriy reglamentlarini ishlab chiqish, o‘z faoliyatini tashkil etish, harakat dasturlarini tasdiqlash va amalga oshirish, shuningdek birlashish huquqiga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvni cheklashga doir kafolatlarni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyoti mazkur Konvensiyaning qoidalariga to‘liq mos keladi. Xususan, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 34, 56 va 59-moddalarida belgilangan bo‘lib, ushbu kafolatlar shuningdek 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi16-moddasida har bir xodim kasaba uyushmalariga hamda xodimlar va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab o‘tilgan.

TDYUU Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ham o‘z faoliyatini yuqoridagi qonun hujjatlariga asoslanib amalga oshirib kelmoqda.

Universitet Kasaba uyushmasi «Elektron kasaba uyushmasi» platformasiga o‘tkazildi barcha hujjatlar aylanmasi, murojaatlar, moliyaviy hisobotlar elektron tizimda amalga oshirilmoqda.

Kasaba uyushmasi a’zolarining mehnat va dam olish huquqlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy himoyasini tashkil etish, xodimlar salomatligini mustahkamlash ishiga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yordamlashish faoliyatimiz asosini tashkil etadi. Albatta, bu ishlarning barchasi Universitet ma’muriyati bilan Kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida jamoa a’zolarining mehnatga oid, boshqa ijtimoiy, iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan yangi jamoa shartnomasigaasosan amalga oshirilmoqda. Ushbu jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishi muntazam ravishda nazoratga olingan.

Universitet kasaba uyushmasi xodimlarni ijtimoiy – iqtisodiy jihatdan himoya qilish, ularning sharoitlarini yaxshilash, ommaviy sport, bayram tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, xodimlar sog‘ligini yaxshilash, dam olishlarini ko‘ngilli o‘tkazishni tashkil etish, yoshlarni qo‘llab – quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Kasaba uyushmasi a’zolari va ularning ota onalari, farzandlarining sog‘ligini mustahkamlash uchun birgina 2021 yilda 67 ta murojaat, 2022 yilda 65 ta murojaatlar kelib tushdi. Kasaba uyushmasidan Kosonsoy, Oqtosh, Bo‘ston, Botanika, Chimyon, Turon, Chinobod plaza, Ibn Sino sanatoriylari Chorvoq, Beldersoy, Olmos dam olish maskanlariga imtiyozli yo‘llanma berildi. Shuningdek, xodimlarimizning farzandlariga «Oqtosh», «Quyoshli» «Asaka» bolalar oromgohiga imtiyozli yo‘llanmalar berildi.

Kasaba uyushmasi tomonidan 2021 yilda 123 nafar, 2022 yil 9 oyida 102 nafar xodimga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Kasaba uyushmasi va Ish beruvchi bilan birga rag‘batlantirish sifatida xar yili xodimlarga kamida 10 foizini oila a’zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilib kelmoqda.

Eng asosiysi, Kasaba uyushmasining xar bir a’zosi bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, keng ko‘lamdagi islohotlar mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyatini barcha tarmoq xodimlariga atroflicha tushuntirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.


M.O‘ROZALIEV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi,

professor