Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Jamiyatning barcha qatlamlarida sog‘lom turmush tarzi tamoyili ustuvor vazifalardan biri etib belgilanishi tufayli turli tashkilot va korxonalarda, uyushmalarda mahoratli sportchilarning yangi avlodi bo‘y ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida umumta’lim maktab o‘qituvchilari o‘rtasida «Sog‘lom tanda-sifatli ta’lim» shiori ostida «Kasaba uyushmasi kubogi» bahslarining yo‘lga qo‘yilayotgani ham ayni maqsadlarga xizmat qiladi.

Mini futbol, voleybol, shaxmat, shashka va stol tennisi sport turlari bo‘yicha 3 bosqichdan iborat «Kasaba uyushmasi kubogi»ni tashkil etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Sport vaziri Adham Ikromov raisligidagi yig‘ilishda muhokamalar davomida «Kasaba uyushmasi kubogi»ning sektor – tuman – hududiy bosqich bellashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Mas’ullarning axborotlari tinglandi. Kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA