Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasaba uyushmasi adolatni tikladi
15:39 / 2024-12-16

Men Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Farg‘ona shahar bo‘limida salkam 16 yil ishladim. Faoliyatim davomida nogironligi bo‘lgan, ishsiz va mehnat bozorida ish topishga qiynalgan, shuningdek, ish joyi qisqartirishga tushib, mehnat shartnomasi bekor qilingan fuqarolarni ishga joylashtirish bilan shug‘ullanib keldim.

Taqdir taqozosi bilan o‘zimning boshimga ham shunday tashvish tushdi. Joriy yilning iyul oyida bo‘lim tomonidan ish joyim qisqarganligi asos sifatida ko‘rsatilib, mehnat shartnomam bekor qilindi. Bu jarayonda ishda qolishdagi imtiyoz va huquqlar – malakam va mehnat unumdorligim, jamoa shartnomasidagi huquqlarim, qaramog‘imda ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarim borligi va ularning yolg‘iz boquvchisi ekanligim inobatga olinmadi.

Ishsiz qolish juda qiyin ekan. Bandlik bo‘limiga ish izlab kelayotgan ko‘plab fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, kechinmalarini ich-ichimdan his qildim. Ishsiz yurgan 4 oydan ortiq davr mobaynida juda qiynaldim.

Afsuski, mehnatga oid huquqlarimni himoya qilish maqsadidagi murojaatim go‘yo boshqarma boshlig‘i, bosh yuristkonsult, davlat mehnat inspeksiyasi, kadrlar bo‘limi mudiri ishtirokida o‘rganib chiqilib, qonunbuzilish holati yo‘qligi ma’lum qilindi.  

Shundan so‘ng O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi E.Nuraliyev qabulida bo‘ldim. Ishga qayta tiklash bo‘yicha amaliy yordam so‘radim.

Murojaatim kasaba uyushmasining malakali huquqshunoslari tomonidan chuqur o‘rganildi. Buni qarangki, ish beruvchi mehnat shartnomamni bekor qilishda o‘ndan ortiq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi aniqlandi. Shu tariqa kasaba uyushmasi mening manfaatlarimni ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga da’vo arizasini kiritdi.

Sudda adolat qaror topdi. Sudya D.Sultonov “ish”ni har tomonlama adolatli ko‘rib chiqib, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Farg‘ona shahar bo‘limining meni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyrug‘ini g‘ayriqonuniy deb topdi va bekor yurgan kunlarim uchun 16.866.857.00 so‘m asosiy ish haqi undirilishi belgilandi.

Mamlakatimizda qonunlar qog‘ozda qolib ketmayotganligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Yana iqror bo‘ldimki, kasaba uyushmalari ishchi-xodimlarning haqiqiy suyanchig‘i ekan. Adolat qaror topishida menga ko‘mak ko‘rsatgani uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashiga oilamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman.  

Minavarxon MAMATOVA,

Farg‘ona shahri.