So‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli ijtimoiy siyosat doirasida kasaba uyushmalarining roli ortib bormoqda.
Davlat rahbari boshchiligida ulkan islohotlar markazida bo‘lgan “Inson qadri uchun” tamoyili, ishchi-xodimlar, ularning oila a’zolari haq-huquqlarini ta’minlashga qaratilgan e’tibor oshmoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev bizga bu jamoatchilik institutining xalq hayotidagi o‘rni va ta’sir kuchi haqida so‘zlab berdi.
– Kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi VIII qurultoyi karorlarida, shuningdek, Federatsiyaning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan Strategik yo‘nalishlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Erkinjon Nuraliyev. – Bugungi kunda yurtimizda barcha sohalar kabi fuqarolarning hamda mehnatkashlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnatni ta’minlash yo‘nalishlarida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida xalqaro aloqalar kengayib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston davlatlarining kasaba uyushmalari o‘rtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda kasaba uyushmalarining erkin faoliyat ko‘rsatishi, xodimlarning kasaba uyushmalariga birlashishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 24 ta konvensiyasi va 1 ta protokoli ratifikatsiya qilindi.
Alohida ahamiyatga sazovor bo‘lgan yana bir jihat – O‘zbekistonda ish joyidagi demokratiyaning ilk ko‘rinishlari bundan 120 yil avval yuzaga kelib, 1905 yildayoq dastlabki kasaba uyushma tashkilotlari tuzilganidir.
Shu o‘rinda viloyatimizda mehnat qonunchiligigiga rioya etilishi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini tashkil qilish, ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi turli qatlamlarining ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik masalalarida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Kasaba uyushmalari faollari tomonidan yoz mavsumida viloyat bo‘yicha 10 ming 600 nafar bolaning oromgohlarda dam olishi tashkil etilgani, 7 ming 100 nafar xodim va ularning oila a’zolari, faxriylar tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sog‘lomlashtirilgani, korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan 21 mingdan ziyod ishchi-xodimning respublikamiz va viloyatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlari tashkil etilganini alohida qayd etish lozim.
Joriy yilning o‘tgan davrini olib qaraydigan bo‘lsak, 551 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 2 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ undirilgani mehnat qonunchiligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining o‘rni muhim ekanining amaliy tasdig‘idir.
Xususan, AT “Xalq banki” Beshariq tumani filiali sayyor kassa kassiri Sh.Mahmudovaga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar to‘lanmaganligi oqibatida qayta hisob- kitob qilinib, 20 100 725 so‘m ish haqi hamda oylik ish haqini o‘z vaqtida to‘lamaganligi uchun ish beruvchidan Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko‘ra 50 653 827 so‘m kompensatsiya to‘lovlariga qo‘shib, jami 70 754 552 so‘m pul mablag‘lari undirib berildi.
Bundan tashqari, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Farg‘ona BXOda Axborot texnologiyalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlab kelayotgan J.Jo‘raboyevga sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra 39 728 000 so‘m ish haqi va ma’naviy zarar uchun 13 000 000 so‘m, jami 52 728 000 so‘m undirib berildi. Mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish borasidagi bu kabi amaliy ishlar ko‘p.
Ayrim idora, tashkilotlarda huquqshunos lavozimi yo‘q yoki borlarida ham ish o‘rni bo‘sh. Noqonuniy buyruq chiqargan amaldorga nisbatan na ma’naviy, na moddiy jazo chorasi belgilanmagan.
Oqibatda adolatga erishguncha sarson-sargardon bo‘lganlar qancha! Albatta, kasaba uyushmalari har bir holatda qonunga tayanib, nohaq ishdan bo‘shatilgan fuqaro manfaatini himoya qiladi, bundan keyin ham, shubhasiz, shunday bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Muhammadjon Obidov yozib oldi.