Mamlakatimizda kasaba uyushmalari tizimi nafaqat xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish, balki sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jamoa ruhini mustahkamlash yo‘lida ham muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning salomatligini, intellektual va ma’naviy yuksalishini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi hamda 11 noyabr – “Kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida Ichki ishlar tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning shashka turi bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi tashkil etildi.
Bellashuv O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Andijon viloyat kengashi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Tadbir xotin-qiz xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, fikrlash doirasini kengaytirish, sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qildi.
[gallery-26169]
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA