Mehnatkashlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ishchi-xodimlar hamda rahbariyat o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlash — kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy mazmun-mohiyatidir.
Shu ma’noda bu tashkilot faqatgina huquqiy emas, balki mehnat jamoalarini birlashtiruvchi, ularda mas’uliyat va hamkorlik ruhini mustahkamlovchi muhim ijtimoiy institut sifatida ham ahamiyatga ega.

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi” hamda 11 noyabr — “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ular orasida Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida o‘tgan bayram tadbiri alohida ruhda kechdi.
“Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!” shiori ostida o‘tgan ushbu tantanada korxona rahbariyati, kasaba uyushmasi faollari, sex va bo‘lim xodimlari hamda yosh mutaxassislar ishtirok etishdi. Bayram sahnasida mehnat fidoyilarining nomlari e’tirof etildi, ish faoliyatida yuksak natijalarga erishganlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir doirasida sport musobaqalari ham o‘tkazilib, Sirdaryo IES jamoasi o‘z salohiyatini namoyon etdi. Shaxmat bo‘yicha ayollar bahsida IAO‘S xodimasi Marjona Mustafoqulova, shashka bo‘yicha erkaklar o‘rtasida ES ishchisi Soyibjon Irgashev, stol tennisi bo‘yicha ayollar bahsida EB xodimasi Kamola Suvonqulovalar 1-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Bayram shodiyonalari “Quvnoqlar va zukkolar” bellashuviga ulanib ketdi. Unda issiqlik elektr stansiyalari va markazlaridan jam bo‘lgan sakkiz jamoa bellashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Toshkent IESning “Kichkintoylar” jamoasi 1-o‘rinni egallab, “QVZ” kasaba uyushmalari kubogi sohibi hamda 2025 yil chempioni bo‘ldi. Taxiatosh IESning “Texas” jamoasi 2-o‘rinni, Sirdaryo IESning “Energo+” jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA