Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Kasaba uyushmalari – ishonchli himoyachi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
15:59 / 2025-12-26

O‘zbekistonda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hududiy bo‘limi hamkorligida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida “Kasaba uyushmalari – ishonchli himoyachi” tanlovi e’lon qilindi.

Tanlov davomida jurnalist va ijodkorlar kasaba uyushmalari faoliyati, ularning aholi bilan hamkorligi va himoyachi sifatidagi roli mavzusida eng maqbul va mazmunli materiallar taqdim etdilar.

Tanlov yakunlandi va g‘oliblar aniqlandi. Yangiyerlik ijodkor Nodira Do‘smatova birinchi o‘rinni qulga kiritdi. Ikkinchi o‘rin O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi xodimi Dilorom Ismadiyorovaga, uchinchi o‘rin esa “Guliston hayoti” gazetasi bosh muharriri Bahriniso Norjigitovaga nasib etdi. G‘oliblar kasaba uyushmasi kengashining diplomi, tashakkurnoma va qimmatli sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan ijodkorlar — Dilorom Esonova va Alisher Nur — rag‘batlantiruvchi mukofot va esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘lishdi.

Tantanali marosimda mukofotlarni taniqli yozuvchi Nurali Qobul va kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov taqdim etishdi. Marosim ishtirokchilari g‘oliblarning ijodiy mahorati va kasaba uyushmalari hayotidagi faol ishtiroki yuqori baholanganini alohida ta’kidladilar.

Tanlov nafaqat jurnalist va ijodkorlarni rag‘batlantirish, balki kasaba uyushmalari faoliyatini keng targ‘ib qilish, ularning ahamiyatini jamoatchilikka yetarli darajada namoyon qilishga xizmat qildi. Ijodkorlar o‘z ishlarida xalqning huquq va manfaatlarini himoya qilishda kasaba uyushmalari qanchalik ishonchli hamkor ekanini namoyon etdilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri