O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda Navoiy shahridagi Yuridik texnikumi hamda Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filialida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Unda korxona, tashkilot va muassasalarning kasaba uyushmalari a’zolari, barcha tarmoq kasaba uyushmalarining viloyat, shahar va tuman Kengashlari, boshlang‘ich hamda birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirlarda kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi xodimlarni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy tomondan qo‘llab-quvvatlash ekanligi, Kengash faoliyati va mehnat munosabatlarini tartibga solishda kasaba uyushmalarining vazifalari, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, mehnatga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mehnat munosabatlarini tartibga solish borasida kasaba uyushmalarining vazifalari qayd etib o‘tildi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli harakatlar, tashabbuslar, izchil islohotlar va yangilanishlar jarayonida eng yirik jamoat tashkiloti bo‘lgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham faol ishtirok etib kelmoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qobiljon Qirg‘izaliyev. – Bugungi tadbirimiz esa mehnatkashlarning murojaatlarini tinglab joyida bartaraf etish, Federatsiyaga tushayotgan murojaatlarni qayta-qayta takrorlanishining oldini olish hamda a’zolarimizni yangi O‘zbekiston va yangi kasaba uyushmalarida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va uning hududlardagi Kengashlari tomonidan ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa ishchi-xodimlarning kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonchning tobora ortishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-25533]
Uchrashuvlarda ishtirokchilar ish beruvchilar bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA