Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasaba uyushmalari fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi
14:33 / 2025-11-08

Toshkent viloyati hokimligida O‘zbekiston kasaba uyushmalari tashkil etilganining 120 yilligi munosabati bilan bir guruh faollarni taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, barcha faollarni bayram bilan samimiy tabrikladi va kasaba uyushmalari tizimining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan o‘rniga alohida to‘xtaldi.

– Bugungi kunda kasaba uyushmalari har bir fuqaroning munosib mehnat sharoitida ishlashi, o‘z mehnatining samarasidan rozi bo‘lishi uchun faoliyat yuritmoqda. Kasaba uyushmalari faqat mehnatkashlarning huquqlarini himoya qiluvchi institut emas, balki inson qadrini ulug‘lovchi, jamoatchilik bilan davlat o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi vazifasini bajarayotgan muhim ijtimoiy kuchdir,  – dedi viloyat hokimi Z.Mirzayev. 

Tadbirda mehnat jamoalarida faolligi, jamoatchilik manfaatlarini himoya qilishdagi tashabbuslari va ijtimoiy hayotdagi munosib ishtiroki bilan alohida ajralib turgan bir guruh kasaba uyushmalari faollariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil” esdalik ko‘krak nishonlari topshirildi.

 Ta’kidlash joizki, qonuniy mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ishchi-xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish hamda jamoatchilik nazoratini rivojlantirish – ijtimoiy davlat qurishning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda kasaba uyushmalari faollarining fidokorona mehnati va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslari katta ahamiyatga ega. Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda 120 nafardan ortiq faol kasaba uyushmasi a’zolari mazkur esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda. Bu  ularning mehnat sohasidagi faolligi va jamoatchilik hayotidagi munosib ishtiroki uchun berilgan yuksak e’tirofdir.

Shuningdek, Qibray tumanida bayram tadbiri tashkil etildi. Mazkur tantanali marosim viloyatdagi barcha kasaba uyushmasi faollarining, fidoyilik bilan xizmat qilib kelayotgan xodimlarning mehnatini qadrlash, mehnat faxriylarini ulug‘lash, ularga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatish ifodasi bo‘ldi. Tadbirda viloyat hokimligi mutasaddi rahbarlari, kasaba uyushmalari faollari, bir qator tashkilot va idoralar jamoalari hamda mehnat faxriylari ishtirok etdi.

 Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyat kasaba uyushmalari tomonidan mehnat sohasida 2,5 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan takliflar ishlab chiqilgani, 6 ming 130 ta jamoa shartnomalari imzolanib, uyushma a’zolari soni 645 ming 671 nafarga yetgani – bularning bari viloyatda mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib sharoit yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning yorqin namunasi deyish mumkin. 

– Ayniqsa, ish haqqi qarzdorligini undirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash kabi muhim masalalarda viloyat kasaba uyushmalari faollari muntazam faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Lola Xolmo‘minova. – Ular nafaqat davlat dasturlari doirasida, balki joylarda ham ishchi-xodimlarning har bir talab va ehtiyojini inobatga olib, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish yo‘lida turli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida 2020–2025 yillar davomida 16 mingdan ziyod fuqaro ish bilan ta’minlandi, minglab oilalarga va xodimlarga moddiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. 

 Monitoringlar natijasida 30 milliard so‘mdan ortiq ish haqqi qarzdorligi undirilishida amaliy yordam ko‘rsatildi, minglab fuqarolarning huquqlari tiklandi. Shuningdek, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida yuz minglab mehnatkash va ularning oila a’zolari Vatanimizning go‘zal hududlariga sayohat qilish imkoniga ega bo‘ldi.

 Bayram kechasining asosiy tadbiri – mehnat fidoyilariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil” esdalik ko‘krak-nishoni topshirilgani bo‘ldi. Bu mukofot ularning fidokorona mehnati, jamoat faoliyati va inson manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga berilgan munosib baho desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Taniqli xonandalar va san’at ustalari o‘zlarining dilga yaqin kuy-qo‘shiqlari, jarangdor ijrolari bilan chinakam bayramona ruh bag‘ishladi. Mehmonlar uchun bayramona dasturxon yozildi, mehnat fidoyilariga munosib izzat-ikrom ko‘rsatildi.

A.Musayev, O‘zA.