Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasaba uyushmalari faoliyatiga nazar: Xodimlarning mehnat huquqlari to‘la ta’minlanyaptimi?
16:51 / 2022-11-10

11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “11 noyabr –  O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni: Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari faoliyatiga nazar” mavzuida brifing o‘tkazildi. Brifingda so‘nggi 6 yil davomida Prezidentimiz tomonidan barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijasida katta o‘zgarish va salmoqli natijalarga erishilgani alohida ta’kidlandi.   

Qayd etilganidek, xalqni rozi qilish yo‘lidagi keng ko‘lamli harakatlar va tashabbuslar mamlakatimiz dovrug‘ini Yangi O‘zbekiston nomi bilan butun dunyoga taratmoqda. Bunday islohotlarda mamlakatimizdagi eng yirik jamoat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda.  

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2020 yilda bo‘lib o‘tgan 8-Qurultoyi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida mustaqil davlatimiz tarixida ilk bora 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifini bildirgach, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Bu esa 5,5 milliondan ortiq a’zoga ega bo‘lgan kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea bo‘ldi.  

Mamlakatimizda kasaba uyushmalari erkin va keng ko‘lamli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, oxirgi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. Kasaba uyushmalarining ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, xodimlarning mehnat huquqlarini samarali himoya qilish, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilishda hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.  

Ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid qabul qilingan qonunlarning aksariyatida, davlat organlari tomonidan Federatsiyaga kelishish uchun taqdim etilgan 1000 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlarda, shu jumladan yangi Mehnat kodeksida kasaba uyushmalari takliflarining aksariyati o‘z aksini topdi.  

2022 yilning o‘n oyi davomida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 4,5 mingga yaqin murojaati ko‘rib chiqildi. Xodimlarning buzilgan huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga kiritilgan 121 ta taqdimnomaning 73 tasi qanoatlantirilib, qonun buzilishi holatlari bartaraf etildi. Barcha murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 15 ming 918 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 10 milliard 179 million so‘mdan ortiq zarar to‘lovlari undirib berildi. Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida 857 ta korxona va tashkilot faoliyati jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilib, aniqlangan 2 ming 281 ta kamchilik bartaraf etilishi ta’minlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va ish beruvchilar Konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha imzolangan Bosh kelishuv amal qilmoqda. O‘tgan davrda kasaba uyushmalari ishtirokida tuzilgan tarmoq kelishuvlari soni 110 tadan 117 taga ortdi. bugungi kunda bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda 111 ming 789 ta Jamoa shartnomasi amal qilmoqda.  

Jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomalari orqali munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi va gigiyenasi, bandlikni ta’minlash, mehnatga haq to‘lash, xususan, teng ahamiyatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng haq to‘lash, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar belgilash, ayniqsa, yoshlar, ayollar, keksalar va nogironlarni qo‘llab-quvvatlash, dam olish va sog‘lomlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo‘yicha o‘rta hisobda 1 nafar xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ miqdori 6 million 410 ming so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 26,6 foizga oshdi.  

[gallery-9505]

Qator tarmoq va hududlarda jamoa shartnomasi ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylanmoqda. Chunonchi, respublika bo‘yicha 18 ming 811 ta korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffitsiyenti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 915 ming  840 nafar xodimning ish haqlari oshirilishiga erishilgan.  

Bu esa jamoa-shartnomaviy munosabatlar bilan qamrab olingan jami xodimlarning 20 foizini tashkil etadi. Tuzilgan jamoa shartnomalarining 105  ming 777 tasida, ya’ni 94,6 foizida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini albatta olish talabi kiritilgan.

Jamoa shartnomalariga kiritish orqali ish vaqti va dam olish vaqtini tartibga solish borasida aksariyat korxona va tashkilotlarda asosiy uzaytirilgan va qo‘shimcha ta’tillar o‘rnatilgan. Natijada 2 million 929 ming nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 2 million 900 ming nafarga yaqin xodim esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda.

Kasaba uyushmalari tomonidan turli soha xodimlari va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kam ta’minlangan oilalar, pensiya yoshidagi xodimlar, nogironligi bor shaxslar, ishlovchi ayollar va yoshlarga jamoa shartnomalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Birgina 2022 yilning 9 oyi davomida jamoa shartnomalari orqali 156 mingdan ortiq fuqaroga va 55 mingdan ortiq oilaga 136 milliard 132 million so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Mehnat muhofazasi yo‘nalishida 2022 yilning o‘tgan davrida mehnatni muhofaza qilish xizmati xodimlari tomonidan 800 ga yaqin korxona, tashkilot faoliyati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bataraf etish maqsadida ish beruvchilarga 500 dan ortiq taqdimnomalar kiritildi. Kasaba uyushmalarining aralashuvi bilan 63 foiz taqdimnomalarda ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etildi. Kasaba uyushma mutaxassislari ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish komissiyalari, kasb kasalliklarini tekshirish ishlarida, tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi majlislarida ishtirok etmoqda.

“Ayollar daftari” tizimi orqali joriy yilning may-oktyabr oylari davomida ushbu daftarga kiritilgan 626 ming 910 nafar (97,2 foiz) xotin-qizlarga amaliy yordam berildi.

Bundan tashqari, yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda boquvchisini yo‘qotgan 3 ming 973 nafar hamda ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj 2 ming 459 nafar xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlandi. Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud 3 ming 952 nafar xotin-qizga tomorqasidan samarali foydalanishiga ko‘maklashildi.

203 ming 548 nafar xotin-qiz va ularning voyaga yetmagan farzandlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 238 ming 573 nafariga huquqiy, 206 ming 446 nafariga psixologik yordam ko‘rsatildi. 23 ming 702 nafariga dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun jami 5 ming 115 gektar yer maydoni ajratilishiga ko‘maklashildi. 7 ming 732 nafariga yer maydonlarini sug‘orish, issiqxonalar qurish, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish hamda boshqa yo‘nalishlarda subsidiyalar berildi. Oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 73 nafar xotin-qizlar va “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning 15 nafar farzandlariga kontrakt to‘lovining bir qismi to‘lab berildi.  

Brifingda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kasaba uyushmalarining xalqaro sohadagi faoliyatiga ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. 

N.Usmonova, O‘zA muxbiri