Geologiya fanlari universitetida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasining navbatdagi II qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Qurultoyda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda bir qator vazirlik va idoralar, kasaba uyushmalari, jamoat tashkilotlari vakillari, sohada katta tajribaga ega mutaxassislar, faol xodimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar tomonidan kasaba uyushmalari zimmasidagi mas’uliyat, ishchi-xizmatchilar manfaatlarini himoya qilish, sohadagi o‘zgarish va islohotlarning samaradorligi xususida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Xususan, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish, ish beruvchi va ishchi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda ushbu tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, kasaba uyushma organlarining hisobot davridagi ishlarini tahlil qilish va kelgusi istiqbolli vazifalarni belgilab olish kabi muhim masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Qurultoy doirasida O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 5 yillik faoliyati bo‘yicha hisoboti tinglandi. Qizg‘in muhokamalar davomida delegatlar hisobotni bir ovozdan “qoniqarli” deb baholashdi. Taftish komissiyasi tayyorlagan hisobot ham ma’qullandi.
Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi hamda kasaba uyushmasining yangi tahrirdagi Ustavi tasdiqlandi. Shuningdek, Respublika kengashining yangi raisi va uning o‘rinbosarlari, Kengash a’zolari, Taftish komissiyasining raisi va 5 nafar a’zodan iborat tarkibi saylandi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qurultoyida ishtirok etishi uchun delegatlar hamda Federatsiyaning Bosh kengashi tarkibiga vakillar aniqlandi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati rahbari Azamat Akobirovning ta’kidlashicha, qurultoy shunchaki hisobot tadbiri emas, balki ishchi-xodimlarning manfaatlari qay darajada himoya qilinayotgani, ularning taklif va mulohazalari qanchalik inobatga olinayotganini ko‘rsatuvchi muhim platformadir.
–Qabul qilingan Harakatlar dasturi esa kasaba uyushmalarining soha ichidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, mehnat muhitini yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash, inson salohiyatini rivojlantirishga doir yo‘nalishlar e’tibor markazida bo‘ldi. Eng muhimi, qurultoyda bildirilgan taklif va mulohazalar kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, sohada faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi, – dedi A.Akobirov
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA