2024 yil 14 avgustda “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Ma’lumki, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunga asosan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari, boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari yuridik shaxs maqomi bilan yoki yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilishi mumkin. Bugungi kunda kasaba uyushmalari tizimida yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilgan 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilot mavjud.
– Amaliyotda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha norma mavjud emasligi ularning o‘z faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda, - dedi senator Q.Sanaqulov. – Shu bois, Prezidentimizning 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarining to‘laqonli faoliyat olib borishini ta’minlashga oid vazifalar belgilangan.
O‘z navbatida, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishda ham ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi katta ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqib, “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari mustahkamlandi. Ularning majburiyatlari yuzasidan tegishli kasaba uyushmasining javobgarligi oshirildi.
Shu munosabat bilan qonunga ko‘ra “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunga va Soliq kodeksiga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlarga asosan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra adliya organlarida hisobga qo‘yiladi.
Adliya organlarida hisobga qo‘yilgan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalariga va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ularning ixtiyoriga ko‘ra beriladi.
Mazkur qonun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalarining bo‘linmalari va boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarini ro‘yxatga va hisobga olish yagona organ orqali amalga oshirilishiga zamin yaratdi. Shu bilan birga, qonun ular tomonidan shartnomaviy-huquqiy munosabatga kirishilganda yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlikni aniq belgilashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA