French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kasaba uyushma qo‘mitasi raisiga ishonch bildirildi
17:25 / 2025-04-02

FOTOREPORTAJ

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Dastavval, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Bahrom Ibaydullayev kasaba uyushma tomonidan o‘tgan besh yil davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanganidek, ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi, ijtimoiy himoyasi va salomatligini mustahkamlash ma’muriyat va kasaba uyushma qo‘mitasining e’tiborida bo‘lib keldi. Qolaversa, ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish jamoa shartnomasida o‘z aksini topgan bo‘lib, undagi bandlarning ijrosiga jiddiy e’tibor qaratildi. Xususan, xodimlar imtiyozli yo‘llanmalar orqali turli sihatgohlarda salomatligi mustahkamladi. 

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan 707 nafar xodimga moddiy yordam ko‘rsatildi. Ehtiyojmand oila vakillarining 536 nafar farzandiga yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida maktab o‘quv-qurollari sovg‘a qilindi. 260 nafar xodim va ularning yaqin qarindoshlari turli sihatgohlarda dam olib, salomatligini mustahkamladi. Ishchi-xodimlarning 187 nafar farzandi yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida hordiq chiqarish imkoniga ega bo‘ldi. 

Hisobot-saylov konferensiyasida taftish komissiyasining hisoboti ham tinglandi. Muzokaralarda kasaba uyushmasi qo‘mitasining faoliyati delegatlar tomonidan qoniqarli deb baholandi. Muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, Bahrom Ibaydullayev besh yil muddatga raislikka saylandi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat Kengashi raisi Shohida Karimova shuningdek, konferensiya ishtirokchilariga bu yil kasaba uyushmalar harakatiga 120 yil to‘lishi, uning tarixi, bugungi kundagi o‘rni haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA