Qaror va ijro
Keyingi yillarda kartoshka yetishtirish sohasidagi asosiy muammolardan biri sifatli urug‘ yetishmasligi bo‘lib kelayotgan edi. Bu nafaqat hosildorlikka, balki fermer va dehqonlarning bu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Prezidentning 2025 yil 8 sentyabrdagi “Kartoshka yetishtirishni ko‘paytirish va urug‘chiligini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aynan shu sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Endi urug‘chilik jarayoni ilmiy asosdan tortib, sifatli urug‘ni tarqatishgacha bo‘lgan bosqichni raqamli nazoratga olinadi.

Ya’ni har bir urug‘ning “hujjati”i bo‘ladi. Fermer qayerdan, qaysi avlod urug‘ini olayotganini aniq biladi. Bu tizim orqali sifatli urug‘ yetishtirishga, hosilni kafolatli oshirishga zamin yaratiladi.
Shu yo‘nalishdagi dastlabki yirik hamkorliklardan biri sifatida “Bulungʻur – Agro Star” kompaniyasi va Niderlandiyaning “Agriko Co LTD” korporatsiyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Loyiha doirasida 6 ming tonna elita toifadagi sertifikatlangan urug‘lar O‘zbekistonga keltiriladi. Ular aholi, fermer va dehqonlarga ustamasiz narxlarda taqdim etiladi.
– Urug‘lar ikki mavsumda yetkaziladi, – deydi “Agriko Co LTD”ning Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha direktori Feruza Tatibayeva. – Dastlab 2 ming tonnasi bahorgilik, 4 ming tonnasi esa ikkinchi hosilga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning o‘zida O‘zbekistonga 700 ming tonna kartoshka import qilingan. Yangi tizim va loyihalar tufayli bu raqamni bosqichma-bosqich qisqartirish, ichki ehtiyojni mahalliy urug‘lar hisobidan qoplash rejalashtirilgan.
“Uzagrostar Holding” kompaniyasi tomonidan esa mamlakatda ilg‘or urug‘chilik tizimini yo‘lga qo‘yish, hosildor navlarni ommalashtirish va mahalliy fermerlar manfaatini himoya qilish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Bu nafaqat iqtisodiy, balki oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan ham muhim qadamdir. Sifatli urug‘ bo‘lsa, kartoshka narxi barqaror bo‘ladi, importga bog‘liqlik qisqaradi. Fermerning mehnati haqqoniy baholanadi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri