Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kartoshka yetishtirishni kafolatli daromad keltiradigan sohaga aylantiramiz
18:21 / 2020-05-08

Ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida yetishtirilayotgan urugʻlik kartoshkani nazorat qilib borish uchun 9 tumandagi 3 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi faoliyatiga oid, ularning manzili, yer maydoni, hosildorligi boʻyicha maʼlumotlar bazasi yaratildi.


Keyingi yillarda mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlardan unumli foydalanish, kelgusida kartoshkachilikni rivojlantirish, xorijiy ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, kartoshka urugʻchiligini rivojlantirish maqsadida zamonaviy resurstejamkor texnologiyalar joriy etilmoqda.

Oʻtgan davrda tuproq-iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib, Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani, Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz va Kitob tumanlari, Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani, Samarqand viloyati Bulungʻur tumani, Jizzax viloyati Zomin va Baxmal tumanlari, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani va Fargʻona viloyati Soʻx tumani urugʻlik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Mazkur hududlarda Kartoshkachilik markazlari tashkil etildi. Ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarida yetishtirilayotgan urugʻlik kartoshkani nazorat qilib borish uchun 9 tumandagi 3 mingdan ortiq fermer xoʻjaligi faoliyatiga oid, ularning manzili, yer maydoni, hosildorligi boʻyicha maʼlumotlar bazasi yaratildi.

Uyushmamiz tomonidan sohani rivojlantirish uchun Fransiya, AQSH, Isroil, Turkiya, Niderlandiya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlarining yirik kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. 2018-2019-yillarda ular bilan birga jami qiymati 20,9 million dollarlik 3 investitsiya loyihasi amalga oshirilishiga erishdik. Sohadagi islohotlar natijasida “Boʻstonliq kartoshkachilik markazi” klasteri 700 gektarga ekilgan kartoshkadan yomgʻirlatib sugʻorish hisobiga gektaridan 40-45 tonna hosil olgan. Bu juda yaxshi natija hisoblanadi.

Bugungi kunda kartoshkachilikni, jumladan, mahalliy urugʻchilikni yana-da rivojlantirish, mahalliy kartoshka hosildorligini oshirish, mahsulot tannarxini tushirish choralarini belgilash orqali kartoshkachilikka ixtisoslashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga maʼlum darajada yengilliklar berish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sohaga innovatsion loyihalarni jalb etish, urugʻlik va isteʼmol kartoshkasining ichki bozor uchun yetarli darajada yetishtirilishini toʻliq taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar qabul qilish zarur boʻldi. Prezidentimizning 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim ahamiyatga kasb etdi.

Ushbu hujjat bilan respublikamizning kartoshka yetishtirish hosildorligi nisbatan yuqori – 250-300 sentner boʻlgan 40 tuman (jami 40,1 ming gektar) kartoshkachilikka ixtisoslashtirilib, ulardan 23 tasida (27,4 ming gektar) urugʻlik kartoshka yetishtirilishi belgilandi.

Unga koʻra, 2020-2021-yillarda 23 tumanda, 2022-2023-yillarda esa qolgan 17 tumanda kartoshkachilik klasterlari tashkil etiladi. Klasterlarning asosiy yoʻnalishlari innovatsion va resurs tejamkor texnologiyalar asosida yaxlit maydonlarda isteʼmol va urugʻlik kartoshka yetishtirish hamda sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishdir. Shuningdek, urugʻlik kartoshkaning super elita va elita avlodlarini yetishtirishni kengaytirish, urugʻliklar tayyorlash hamda zamonaviy kartoshka plantatsiyalarini barpo etishga eʼtibor qaratish.

Tahlillarga koʻra, respublikamizda har yili oʻrtacha 2,7 million tonna kartoshka yetishtirilib, shundan, 1,5 million tonna isteʼmol uchun, 500 ming tonna urugʻlik uchun ishlatilmoqda. Afsuski, qolgan 700 ming tonnasi saqlash imkoniyatining yetarli emasligi bois yoʻqotilmoqda. Aholi isteʼmoli uchun esa yiliga 300 ming tonna kartoshka yetishmaydi.

Yetishmaydigan qismini qoplash uchun 2019-yilda chetdan 20,5 million dollarlik 291 ming tonna (shundan urugʻlik uchun – 10 ming tonna), 2020-yil yanvar-mart oylarida esa 9,5 million dollarlik 130 ming tonna (shundan urugʻlik uchun – 12 ming tonna) kartoshka import qilingan. Joriy yil hosili uchun 42 ming gektar takroriy maydonlarga kartoshka ekish rejalashtirilgan. Buning uchun 126 ming tonna urugʻlik talab etiladi va shundan yetishmaydigan 15-20 ming tonnasi chetdan olib kelinishi koʻzda tutilmokda. Kartoshka urugʻining fermer xoʻjaliklariga sotiladigan narxi oshib ketmasligini taʼminlash uchun kartoshka import qilishdagi bojxona boji boʻyicha mavjud imtiyozlar 2023-yil 1-iyulgacha, yaʼni qoʻshimcha 2,5 yilga uzaytirilmoqda.

Shu paytgacha mahalliy kartoshka urugʻini yetishtiruvchilarning urugʻlik xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish boʻyicha ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar yetarli emas edi. Endilikda urugʻlik kartoshka xarid qilish uchun olinadigan kreditlar foiz xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab berish taklif etilmoqda. Yomgʻirlatib sugʻorish tizimi qoʻllaniladigan yerlarni 2021-yil 1-yanvardan yer soligʻidan ozod qilish taklif etilmoqda.

Bu kabi chora-tadbirlar kartoshkachilikni kafolatli daromad keltiradigan sohaga aylantirish, bu bilan fermer va dehqonlarning kartoshkachilikka qiziqishini oshirishga xizmat qiladi. Maqsad esa birinchi galda xalqimizni sifatli kartoshka bilan taʼminlash va eksportni kengaytirish, shu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotiga hissa qoʻshish.

Elyor TOSHPOʻLATOV,
Oʻzbekiston kartoshka yetishtiruvchilar
uyushmasi raisi