Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kartoshka yetishtirish masalasi: oziq-ovqat xavfsizligi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari
14:04 / 2023-06-06

Xalqimiz kartoshkani “ikkinchi non”, deb ataydi. Shuning o‘zi bu mahsulotning kundalik turmushimiz, taomnomamizda qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu oziq-ovqat iste’molda muhim o‘rin tutadi. U to‘yimli mahsulot bo‘lib, tarkibida oqsil, yog‘, uglevodlar, organik kislotalar, V1, V2, RR, S, D, K, E, A vitaminlari, natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir, fosfor, yod kabi elementlar mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 6 maydagi "Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori Respublikada iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperatsiya mexanizmlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu hujjat asosida amalga oshirilgan ishlar kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirishga xizmat qiladi. Mazkur hujjat bilan 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urug‘lik kartoshka bojxona bojidan ozod etilgan.

Birgina Surxondaryo viloyatida 350,4 ming tonna kartoshka yetishtiriladi, 2,8 million nafar aholi iste’moli uchun bir yilda 200 ming tonna kartoshka talab etiladi. Aholining kartoshkaga bo‘lgan ehtiyoji +150,4 ming tonna (175%)ga qondiriladi.

2023 yil hosili uchun fermer xo‘jaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilarning ekin maydonlarida asosiy ekin sifatida 7,0 ming gektarga hamda aholi tomorqa yerlarining 8,5 ming gektariga kartoshka ekildi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Jarqo‘rg‘on tumanida 7,5 ming gektar, Qumqo‘rg‘on tumanida 12,5 ming gektar, jami 20 ming gektar yaylov yerlari foydalanishga kiritilib, kartoshka ekinlarini ekish bo‘yicha takliflar berilgan.

Ushbu taklifga asosan zamonaviy usulda kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti hamda Koreya Respublikasining "International Seed Culture Center Co LTD” kompaniyasi mutaxassisi Kim So-Man bilan uchrashuv tashkil etildi. Koreya texnologiyasi asosida serhosil yangi navlarni viloyat tuproq iqlimi sharoitiga moslashtirish hamda ertaki muddatda kartoshka yetishtirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.

Amaliy ishlar

Yaylov yer maydonlarini o‘zlashtirish orqali “Oqtepa suv ombori”dagi 125 million kub metr suv zaxirasidan to‘liq foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida “Pomir Agroklaster” MCHJ tomonidan suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Xitoy davlatining “Shanghai Kaiquan pump Group Co LTD” kompaniyasi tomonidan 1,5m3/sekund quvvatli 10 dona nasos o‘rnatish bo‘yicha loyihalash ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda ushbu yer maydonlarining “Google Earth” xaritasi ishlab chiqildi va suv bilan ta’minlash uchun Jarqo‘rg‘on tumanida “Oqtepa suv ombori”dan ko‘tarma nasos stansiyasi hamda 20 km. irrigatsiya tarmog‘i qurish ishlari boshlandi.

Mazkur yer maydonlarini o‘zlashtirish uchun 42 dona (36 ta haydov texnikasi va 6 ta buldozer) yuqori unumli zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari olib kelinib, 6 ming gektar yer maydonini ekin ekishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Erishiladigan natija

Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida jami 20 ming gektar yangi yer o‘zlashtirilishi hisobiga 300 ming tonna kartoshka yetishtiriladi hamda 30 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Aholi ehtiyojidan tashqari 365 ming tonna kartoshka Toshkent shahar va viloyatlarga yetkazib beriladi. 

Mutaxassislarining ma’lum qilishicha, Amudaryodan Amu-Zang-1, Amu-Zang-2 nasos stansiyasi orqali ko‘tarib beriladigan suv bilan Amu-Zang kanali orqali Oqtepa suv ombori to‘ldiriladi. Ombor 1981 yilda qurilgan, uning foydali hajmi 100 mln. m3 ni tashkil qiladi.

1 gektardagi kartoshkani pishib yetilgunga qadar an’anaviy usulda sug‘orish uchun 14,6 ming.m3 suv, 20 ming gektar maydondagi kartoshka uchun 292 mln. m3 suv talab etiladi.

Rejalashtirilayotgan 20 ming gektar kartoshkani yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilishi natijasida 40 foiz suv resurslari iqtisod qilinib, 292 mln. m3suv o‘rniga 176 mln. m3 suv talab qilinadi. 

ATB Agrobank va Suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida pilot loyiha sifatida “Pomir agroklaster” MCHJga Amu-Zang-1 nasos stansiyasidan 1 ta, Amu-Zang-2 nasos stansiyasi 2 ta nasos agregatini hamda Oqtepa suv omborini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berishi taklif etiladi.

Kartoshka dunyo bo‘yicha ko‘p iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Shuning uchun uni hosildan hosilgacha har xil usullarda saqlash va saqlash davrida tarkibidagi biologik faol moddalarning sifat va miqdor jihatidan o‘zgarishi uning iste’mol qiymatiga salbiy ta’sir etadi. 

Saqlash davrida bu mahsulot uchun optimal sharoit yaratish hamda yuqori iste’mol xususiyatlarini saqlash hozirgi davr ilmiy tadqiqot ishlarining asosini tashkil etmog‘i lozim. 

Ma’lumot uchun, sohadagi islohotlar va innovatsion usullar samarasida yurtimizda 2021-2023 yillarda hosildorlikni 30-50 foizgacha oshirish mo‘ljallangan. 2024 yilga borib 21 ming tonna urug‘lik kartoshka yetishtirish, bu boradagi import o‘rnini to‘liq qoplash maqsad qilingan. 

B.Meliqulova, O‘zA