Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kartoshka ostiga yashirilgan 4 ming 500 quti tamaki fosh etildi
16:29 / 2026-02-09

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari “Ayritom” chegara bojxona posti hamda DXX chegara qo‘shinlari nazoratchilari hamkorligida qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelgan yuk avtotransport vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazib, tamaki mahsulotining noqonuniy aylanishiga chek qo‘ydi.

Bu haqda O‘zAga xabar bergan viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shoxro‘z O‘ralovning ma’lum qilishicha, bojxona ko‘rigi chog‘ida hujjatlarda kartoshka mahsulotlari yuklangani ko‘rsatilgan avtotransport vositasi tirkamasining pol qismiga 4 ming 500 quti sigaret mahsuloti noqonuniy joylangani aniqlangan. 

– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizga xufiyona olib o‘tishga urinilgan sigaret mahsulotining qiymati 135 million so‘mni tashkil etadi, – deydi Sh.O‘ralov. – Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar xorijdan mamlakatimizga o‘tayotganida bojxona chegarasi orqali o‘n qutidan ko‘p bo‘lmagan sigaretni olib kirishga ruxsat etiladi. Lekin, ayrim hollarda qo‘shni davlatlardan mamlakatimizga kirib kelayotganlar bu tartibni qo‘pol buzib, yirik miqdordagi tamaki mahsulotini yashirincha olib o‘tishga uringanida siri fosh bo‘lib qoladi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv ishlarini olib bormoqda. 

Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri