French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kartoshka bozorida barqarorlik: Narx va hosil nazoratda
11:41 / 2026-01-22

Kartoshka dunyo bo‘ylab keng iste’mol qilinadigan, oziq-ovqat ratsionimizda muhim o‘rin tutadigan qishloq xo‘jaligi mahsuloti. Shuningdek, u iqtisodiy jihatdan ham ahamiyatli bo‘lib, qishloq xo‘jaligida serhosil ekinlardan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, o‘tgan 2025 yil hosili uchun respublika bo‘yicha jami 237 ming gektar maydonga kartoshka ekilgan, shundan 97 ming gektari fermer xo‘jaliklari, 140 ming gektari esa dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu maydonlardan 3,8 million tonna kartoshka hosili yig‘ib olingan.

Shu bilan birga, respublika sharoitida ilk bor Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida dengiz sathidan 700 metr balandlikda joylashgan yer maydonida Misrning yuqori avlodli urug‘lik kartoshka ishlab chiqaruvchi “EFC Plants Tissue Culture S.A.E.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “CARA” navli kartoshkaning (G1) 500 ming dona mini-tuganaklari sinov tariqasida ekildi. Natijada ushbu maydondan 150 tonna super-super elita urug‘lik kartoshka yetishtirildi.

Qayd etilishicha, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida 2027 yilda 2,5 ming tonna, 2028 yilda 27 ming tonna, 2029 yilda 147 ming tonna va 2030 yilda 747 ming tonna yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish prognoz qilinmoqda. Shuningdek, 2026 yil hosili uchun kartoshka ekiladigan maydonlar 284 ming gektarga yetkaziladi. Ushbu maydonlarda 4,5 million tonna hosil yetishtirish maqsad qilingan.  

Yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan 9 ta tumanda tajribali urug‘lik yetishtiruvchilar tanlab olinib, 4 million dona mini-tuganak beg‘araz ajratiladi. Ular 40 gektar maydonga ekilib, 1,2 ming tonna super-super elita urug‘lik olinishi mumkin. Bundan tashqari, 2025 yil hosilidan jamg‘arilgan hamda xorijdan keltirilgan elita urug‘liklar hisobidan jami 40 ming tonna sifatli urug‘lik kartoshka yetishtiruvchilarga ustamalarsiz yetkazib berilib, 15 ming gektar maydonga ekiladi. Bu esa hosildorlikni 25–30 foizga oshirish imkonini beradi. Qo‘shimcha ravishda, 10 ming gektar maydonda intensiv texnologiyalar (tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish va plyonka) joriy etilib, ushbu maydonlarda hosildorlik 15–20 foizga oshiriladi.

Fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarining aylanma mablag‘larini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 145 ming gektarda kartoshka yetishtirish uchun Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar (yillik 12 foiz stavkada) ajratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA